French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
She’riyat kengashining bir yillik faoliyati tahlil etildi
14:28 / 2023-03-02

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida mazkur ijodiy tashkilotning She’riyat kengashi faoliyatiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari Nodir Jonuzoqov davr yangilanishlariga adabiyot ahli eng birinchilardan bo‘lib javob berayotganini va shu bilan birga She’riyat kengashi ishini yanada jonlantirish muhim ekanini ta’kidladi.  

2022 yil davomida shoirlar Mahmud Toir, Eshqobil Shukur, Zulfiya Mo‘minova, Muhiddin Omon, Zebo Mirzayeva, Oydinniso, Shodi Otamuroddan iborat ushbu kengash a’zolari bir qancha ishlarni amalga oshirdi.  

Oliy o‘quv yurti talabalari ishtirokida “Adiblar xiyoboni”da ulug‘ yozuvchi va shoirlarimiz ijodiy merosini o‘rganishga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazildi. Yil davomida yurtimiz viloyatlari bo‘ylab barcha mahalla fuqarolar yig‘inlarida “Yangi O‘zbekiston – inson qadri ulug‘langan yurt” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, adabiy haftaliklar o‘tkazildi. Ularda ko‘plab shoirlar ishtirok etdi.  

Yubiley munosabati bilan O‘zbekiston xalq shoiri Mahmud Toir, Sadriddin Salim Buxoriy, Sharifa Salimovaning “Tanlangan asarlar”i, shuningdek, Qutlibeka Rahimboyevaning “Chaqmoq fasllar” nomli saylanmasi nashr etildi. Ismoil Mahmudning “Bu dam fasli hidoyatdir...”, Rustam Musurmonning “Bir juft so‘z”, Salim Ashurning “Mangu el”, G‘ulom Egamshukurning “Qog‘ozlar hayqirig‘i”, Ikrom Iskandarning “Noma’lum nomalarim” kabi yigirmaga yaqin she’riy kitoblar nashrga tavsiya qilindi. Yozuvchilar uyushmasi tomonidan harbiy xizmatchilar va kursantlarga mo‘ljallangan “Mard askarga sovg‘a” turkumida 11 nomdagi ixcham kitoblarning nashrga tayyorlanishida kengash a’zolari faollik ko‘rsatdi.  

Yozuvchilar uyushmasiga murojaat qilgan mualliflarning turli saviyadagi yigirmadan ortiq she’riy to‘plamlari muhokama etildi. Jumladan, Gulandom Tog‘ayevaning “Ishq handasasi”, Muxtasar Tojimamatovaning “Ishq ro‘moli”, Nargiza Odinayevaning “Muallaq lahza”, Turob Niyozning “Ishq ranglari”, Muhammadsidiq Rahmatovning “Yolg‘iz misralar”, Sanobar Mehmonning “Xayyomona xo‘rsiniqlar”, Iroda Umarovaning “Garashalik ko‘ngil”, Abdunabi Boyqo‘ziyevning “Ey nasri, uzzol!..”, Tohir Qahhorning “Turkistonga boraylik” kabi she’riy to‘plamlari nashrga tavsiya etildi.  

Kengash a’zolarining faolligi yurtimiz ommaviy axborot vositalarida yana bir karra ko‘rindi. Otashin shoir, tarjimon  va dramaturg Usmon Nosir tavalludining 110 yilligi munosabati bilan O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Zulfiya Mo‘minovaning “Ko‘ziga oyni berkitgan shoir” maqolasi matbuotda nashr etildi. “Vatan uchun yashaylik” tanlovida Zebo Mirzayeva milliy g‘oya bilan yo‘g‘rilgan she’rlari uchun 3-o‘rinni egalladi. “Ayolga ehtirom” she’riy asarlar tanlovida O‘zbekiston xalq shoiri Mahmud Toir “Men oftobga alishmagan ayollar” she’riy to‘plami uchun 1-o‘ringa munosib topildi.  

[gallery-10782]

An’anaviy yosh ijodkorlar respublika seminarining mintaqaviy va respublika bosqichlarida, yosh shoirlar uchun “Xiyobon oqshomlari” loyihasi bo‘yicha adabiy kechalarda, “Onajonim – she’riyat” to‘garagi mashg‘ulotlarida kengash a’zolarining munosib ishtiroki bor.  

– She’r – kayfiyat mahsuli, fahm-farosat ko‘zgusi, – dedi adabiyotshunos olim Bahodir Karimov. – She’rlarda shoirning individual o‘zligi, uslubi, dardi namoyon bo‘ladi. Ammo shoir Matnazar Abdulhakim aytmoqchi “Hamma she’r yozishi shart emas”. Hamma she’r yozishga majbur emas. Yozgan taqdirda ham uni beto‘xtov e’lon qilish shart emas. Bu yilgi she’r kitoblarini o‘qish asnosida  ko‘plab adabiy-nazariy masalalar muhokamasi zaruriy mavzular sifatida paydo bo‘ldi.  

Nazokat Usmonova,

Otabek Mirsoatov (suratlar)

    O‘zA