Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Shayxontohur tumaniga press-tur
12:24 / 2021-05-23

O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan Toshkent shahar Shayxontohur tumanidagi “Sarhumdon”, “Ko‘kcha”, “Eski Jarariq” MFYlarda vazirlik tomonidan “mahallabay” tizimida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishish maqsadida press-tur tashkil etildi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri N.Husanov rahbarligidagi ishchi guruh tomonidan Shayxontohur tumanidagi 14 ta mahallada aholi turmush darajasini yanada yaxshilash, aholini qiynayotgan iqtisodiy va maishiy muammolarni o‘z vaqtida aniqlash, ularning yechimi bo‘yicha samarali choralar ko‘rish, mahallalarda yangi ish o‘rinlarini ko‘paytirish, kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish bo‘yicha “mahallabay” ishlarni amalga oshirish yuzasidan ma’lum bir choralar ko‘rilmoqda.

Xususan, “Sarhumdon” mahallasida joylashgan Gulobod ko‘chasining 36-37 uylar oralig‘idagi qarovsiz hudud o‘rnida vazirlik tomonidan bolalar maydonchasi qurildi. Maydoncha atrofida 800 m.kv hudud ko‘kalamzorlashtirilib, zamonaviy yo‘laklar, yashil zona qurilib, beton yotqizish ishlari olib borildi.

Press-tur davomida bolalar maydonchasida o‘ynayotgan bolalarning beg‘ubor kulgilariga, mahalla aholisining bu ishlardan minnatdor ekanligiga guvoh bo‘ldik.

Keyingi manzil tumandagi “Ko‘kcha” MFY bo‘ldi. Bu mahallada Bandlikka ko‘maklashish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan subsidiya ajratilib, tikuvchilik yo‘nalishida “ZUBAYR OMAD” ishlab chiqarish kooperativi tashkil etildi va mahalladagi 10 nafar ishsiz xotin-qiz ishga joylashtirilib, ular tomonidan ayollar va bolalar kiyimlari tikilmoqda.

Bundan tashqari, “Ko‘kcha” mahallasida kasb-hunarga o‘qitish maskani tashkil etilgan bo‘lib, kompyuter operatorligi va qandolatchilik yo‘nalishlari bo‘yicha mahalla hududida istiqomat qiluvchi, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftariga” kiritilgan aholi vakillaridan 15 nafari o‘qishga jalb etildi.

– Kompyuter savodxonligi bugungi kunning eng muhim talablaridan biridir. Shuning uchun ham mahallamiz hududida joylashgan “Kompyuter operatorligi” mashg‘ulotiga yozildim va ikki haftadan buyon o‘rganib kelmoqdaman. Kelajakda kompyuterda ishlashni, turli programmalar yaratishni mukammal o‘rganib, shu yo‘nalish bo‘yicha ishga joylashmoqchiman,– deydi o‘quv-mashg‘ulot qatnashchisi Aziza Yunusova.

Shuningdek, “Ko‘kcha” mahallasida ijtimoiy himoyaga muhtoj, oilasida nogironligi bo‘lgan va kam ta’minlangan 2 ta xonadonga yengil konstruksiyali issiqxona qurib berildi.

O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan tumandagi 12 ta MFYda aniqlangan 613 nafar ishsiz fuqaroning 576 nafari(93, 9 foizi) bandligi ta’minlangan.

Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasidan 6 nafar fuqaroga subsidiyalar ajratilishi hisobiga 92 nafari ishga joylashtirildi, 43 nafari jamoat ishlariga, 90 nafari kasb-hunarga o‘qitishga, 86 nafari korxona va tashkilotlardagi mavjud bo‘sh ish o‘rinlariga jalb qilindi va 265 nafarining o‘zini-o‘zi band qilish guvohnomasini rasmiylashtirish orqali bandligi ta’minlandi.

Fayzullo Yahyoyev, O‘zA