Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Shayx Zoid” festivalida Vatanimiz bayrog‘i kuni nishonlandi
22:40 / 2023-11-18

Boshqa mamlakatda Vatan bayrog‘ini ko‘rgan har bir inson o‘zgacha g‘urur hissini tuyadi. Bugun BAAdagi yurtdoshlarimiz ana shunday tuyg‘uni yana bir karra his qildi.

Abu-Dabi amirligi Al-Vatba hududida o‘tayotgan “Shayx Zoid” festivali doirasida “O‘zbekiston” paviloni ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi davlat bayrog‘ining 32 yilligi munosabati bilan  festivalning markaziy monitorida bayrog‘imiz jilolanib, milliy madhiyamiz yangradi. Shundan so‘ng 10 daqiqa davomida yurtimiz sayyohlik salohiyatiga bag‘ishlangan videorolik namoyish etildi.

Diplomatik vakolatxonalar hamda faol vatandoshlar ishtirokida bayroqlar paradi uyushtirildi.

Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi huzuridagi Eksportni rag‘batlantirish agentligi tomonidan tashkil etilgan mazkur pavilonda misgarlik, kulolchilik, milliy matolar va qadriyatlarimiz namoyish etiladi, o‘zbekona taomlar tayyorlanadi. Dasturning madaniy qismida milliy kuy-qo‘shiqlar, raqslar ijro etiladi.

Ta’kidlash joiz, “Shayx Zoid” madaniy meros an’anaviy festivali beshinchi marta tashkil etilmoqda. Anjuman 2024 yil 9 martga qadar davom etadi. Tadbir doirasida “Xush kelibsiz!” nomli dronlar va lazer chiroqlari hamda Amirlik favvoralari shoulari, mushakbozlik, harbiy musiqa, meros musobaqasi, qiziqarli sport o‘yinlari bo‘lib o‘tadi.

Festival shaharchasida 20 dan ziyod mamlakat paviloni, shuningdek san’at burchagi, “Selfie street” maydoni, sahro muzeyi, bolalar maydonchasi, gullar makoni va oziq-ovqat mahsulotlari namoyishi tashkil etilgan.

Nozimbek Mardonov,

O‘zA