Ko‘hna va boqiy Buxoroning g‘arbidagi Registon maydoniga yaqin bo‘lgan hududda joylashgan Somoniylar madaniyat va istirohat bog‘iga kirish darvozasi yonida XVI asrga – shayboniylar davriga oid “Mavlono Asiriy” hovuzi topildi.
Buxoroning har bir qarich yeri muqaddas, har bir bosgan qadamimiz ostida buyuk tarix bor. Tarixchi olimlar tashabbusi bilan qadim kentda yana bir tarixiy yodgorlik paydo bo‘ldi. Bu topilma bundan 5 asrcha muqaddam Buxoroda mavjud bo‘lgan 114 ta hovuzdan biri.
–Bu xo‘jalik hovuzi, uncha katta emas, –deydi arxitektor Zoyirshoh Qilichev. –Zinapoyalari bir tomondan tushadi.
[gallery-14063]
Ma’lumotlarga ko‘ra, Shayboniyxon I davrida Abdulloxon tomonidan katta shaharsozlik ishlari amalga oshirilgan. Bu inshoot ham boshqalari singari suvni asrab, to‘plab turish uchun sifati talab darajasida maromiga yetkazib barpo etilgan.
–Suvni tejash, shahar aholisi suvdan foydalanishi uchun barpo etilgan, – deydi Samarqand arxeologiya instituti yetakchi ilmiy xodimi, Buxoro arxeologik ekspeditsiyasi boshlig‘i Jamoliddin Mirzaahmedov. – O‘rta asrlarda – ming, bir yarim ming yil oldin bunday hovuzlardan foydalanish boshlangan.
Arxiv hujjatlariga ko‘ra, istirohat bog‘i ichida yana 3 ta hovuzni topish mumkin. G‘arbga qarab chap tomonda Aro‘sonh hovuzi, o‘ng tomonida Tabibon hovuzi, Ismoil Somoniy va chashmai Ayub yodgorligi orqa qismida yana Muddao hovuzlari mavjud bo‘lib, ularni ham tiklash maqsadida qazishma ishlari olib borilishi rejalashtirilgan.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari.