Muhammad Shayboniyxon – Shayboniylar sulolasi asoschisi. Tarixiy manbalarda keltirilishicha, u bobosi Abulxayrxon vafotidan keyin parokanda bo‘lib ketgan qabilalarni birlashtirib, ko‘chmanchi o‘zbeklar davlatini qayta tiklagan. Movarounnahr, Xorazm va Xurosonni egallab, qudratli davlat barpo qilgan. Muhammad Shayboniyxon butun mintaqani yagona bir markaz – Samarqand qo‘l ostida birlashtirgan.
Shayboniyxon kuchli sarkarda, hukmdor bo‘lish bilan birga ijodkor sifatida nafis g‘azal va ruboiylar, dostonlar yozgan. “Bahr-ul xudo” nomli dostoni va o‘g‘li valiahd Temur sultonga atalgan pand-nasihatlardan iborat kitobi mavjudligi qayd etiladi.
Ammo biz sobiq tuzum mafkurasi ta’sirida uzoq yillar Muhammad Shayboniyxonni yana bir ulug‘ bobomiz Zahiriddin Muhammad Boburning dushmani deb bildik va ikki dahoga ikki xil munosabatda bo‘ldik.
Balki shuning uchun Samarqandning yuragi bo‘lgan Registon maydoni hududidagi Shayboniyxon va uning sulolasi dafn etilgan maskanga ham e’tiborimiz haminqadar edi. Ko‘pchiligimiz haligacha bu haqda ma’lumotga ham ega emasmiz.
[gallery-22035]
– Bu dahma 1960-1962 yillarda hozirgi Islom Karimov ko‘chasini kengaytirish, obodonlashtirish ishlari jarayonida shu hududda bo‘lgan Shayboniyxon madrasasi hovlisidan Registon maydoniga – Tillakori va Sherdor madrasalari yoniga ko‘chirilgan, – deydi Samarqand shahridagi Registon majmuasi rahbari Xonqul Samarov. – Ma’lumki, mazkur hudud Amir Temur bobomiz davrida Samarqand shahrining eng muhim markazlaridan biri bo‘lgan, bu hududda ko‘plab madrasa va masjidlar bunyod etilgan. Jumladan, Amir Temur masjidi va uning ro‘parasida Bibixonim madrasasi qad rostlagan. Keyinchalik Mirzo Ulug‘bek bobomiz tomonidan ulkan madrasa qurilgan. Balki Shayboniyxon ham ana shu ulug‘vor madrasa va masjidlarga havas qilib, ularning yonida madrasa qurgandir. Chunki, tarixiy manbalardan bilamizki, Muhammad Shayboniyxon ham ulug‘ hukmdor bo‘lish bilan birga ilm-ma’rifat homiysi, ilmli inson va ijodkor sifatida Samarqandda ulkan bunyodkorlik ishlarini amalga oshirgan, ko‘plab masjid va madrasalar qurdirgan. Amir Temurdan keyin qudratli davlat tashkil etib, uning chegaralarini kengaytirgan, obod qilgan. Tarixiy manbalarda Shayboniyxon 1510 yilda Eron shohi Ismoil Safaviy bilan bo‘lgan jangda halok bo‘lgach, uning boshsiz tanasi Samarqandga keltirilib, Baland Sufaga dafn qilingani yozilgan. Baland Sufa o‘z vaqtida Shayboniyxon madrasasida bo‘lgan va keyinchalik o‘z holicha Registon hududiga ko‘chirilgan mana shu dahmadir. Lekin shu paytgacha Muhammad Shayboniyxon shaxsiga munosabatimiz ortidan bu joyga ham yetarli darajada e’tibor qaratilmadi.
Yaqinda Samarqand viloyati hokimi bir guruh tarixchi olimlar, ziyolilar bilan uchrashib, shahar tarixini chuqur tadqiq etish, hududdagi tarixiy-madaniy yodgorliklarni o‘rganish va ularni asrab-avaylash zarurligini ta’kidladi. Ana shu muloqot chog‘ida Xonqul Samarov Shayboniyxon va uning sulolasi vakillari dafn etilgan joyni ziyoratgohga aylantirish, bu ajdodimiz tarixini ham asl holicha o‘rganish va tadqiqotlar olib borish taklifini ilgari surdi.
– O‘sha uchrashuvdan so‘ng viloyatimiz rahbari A.Boboyev mas’ullar bilan birga bu joyni kelib ko‘rib, takliflarimizni o‘rgandi, – deydi X.Samarov. – Biz mazkur dahmani ham Samarqandning sayyohlik yo‘nalishlariga kiritish va bu yerda ziyoratchilar uchun qulay sharoit yaratish, Shayboniyxon va uning sulolasi haqida ma’lumot beruvchi QR kodli lavhalar o‘rnatish bo‘yicha takliflarimizni bildirdik. Viloyatimiz hokimi takliflarimizni ma’qullab, dahma hududini obodonlashtirish, yashil maydonlarni ko‘paytirish, bu yerga keladigan ziyoratchilarga qulaylik yaratish maqsadida o‘rindiqlar o‘rnatish va obida haqida ma’lumot beruvchi vositalarni joylashtirish yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berdi. Ayni paytda tarixchi olimlar va ziyolilardan iborat jamoatchilik kengashi bizning takliflarimiz asosida loyiha tayyorlamoqda. Ushbu loyiha madaniy meros agentligi ilmiy ekspert kengashi tomonidan tasdiqlangach, uni amalga oshiramiz.
Registon majmuasi rahbarining ta’kidlashicha, oltmish yildan ortiq vaqtdan buyon shu hududda turgan ushbu ziyoratgoh haqida oddiy odamlar bilmasligi tabiiy, hatto ko‘pchilik tarixchilar ham ma’lumotga ega emas ekan. Sababi, yuqorida qayd etilganidek, hududda bu haqda hech qanday ko‘rgazmali vosita yoki yozuv mavjud emas.
– Prezidentimiz bir necha yil oldin tarixchi olimlar bilan uchrashganida ular oldiga xalqimiz va davlatchiligimizning haqqoniy tarixini o‘rganish vazifasini qo‘ygan edi, – deydi X.Samarov. – Chunki shu paytgacha ham biz noxolis, bir tomonlama yondoshilgan holda yaratilgan tarix darsliklari, kitoblarini o‘qidik, yoshlarimizning ulug‘ ajdodlarimiz, davlatchilik tariximiz haqidagi bilim va tushunchasi ana shu kitoblar ta’sirida shakllandi. Bunday noxolis munosabat, jumladan, Muhammad Shayboniyxon hayoti va faoliyatini o‘rganishda ham namoyon bo‘ldi. Yillar davomida xalqimiz onggiga Bobur ijobiy, Shayboniyxon salbiy shaxs sifatida singdirildi. Aslida esa davlatchilik tariximiz, qolaversa, adabiyotimiz rivojida bu ikki buyuk bobomizning ham o‘z munosib o‘rni, hissasi bor. Zahiriddin Muhammad Boburning o‘zi ham “Boburnoma”da bu zotning nomi haqida to‘xtalib, “Shayboq”, ya’ni “kuch-qudratli” degan ta’rif bergan. Shayboniyxon va shayboniylar tomonidan Samarqandda, umuman, ushbu mintaqada katta bunyodkorlik ishlari amalga oshirilgani haqida tarixiy manbalarda ko‘plab ma’lumotlar uchraydi. Masalan, Shayboniyxon bir necha bosqichli o‘qitish tizimi joriy etib, barcha ilmlardan xabardor bo‘lish uchun bola 26 yil ta’lim olishi kerak, deb hisoblagan. Ikki yillik maktab ta’limidan so‘ng har biri 8 yildan iborat uch bosqichli madrasa ta’limini olish zarur bo‘lgan.
Bundan tashqari, Shayboniyxon o‘zi davrida 12 xil bug‘doy navi yetishtirishni yo‘lga qo‘ygani haqida manbalarda qayd etiladi. Zarafshon daryosi ustida suv ayirgich, Tuyatortar arig‘i va Sangzor daryosida ham bir necha suv inshootlari aynan Shayboniyxon va uning avlodlari tomonidan bunyod etilgani ushbu sulolaning ham Movarounnahr uchun ulkan xizmatlari borligini ko‘rsatadi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/zxTOBGHSj3U" title="Shayboniylar dahmasi ziyoratgohga aylanadi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>G‘.Hasanov, A.Isroilov (video, surat), O‘zA muxbirlari