Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Shayboniy shahzoda qabrtoshining bir bo‘lagi Luvr muzeyida saqlanmoqda
18:42 / 2026-01-05

Muzeyshunos tadqiqotchi Mahmudxon Yunusov Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi arxeologiya jamg‘armasida saqlanayotgan Shayboniy shahzoda Abu Said Bahodirxon o‘g‘li Sulton Said Bahodirxonga tegishli qabrtoshning bir bo‘lagi Fransiyaning dunyoga mashhur Luvr muzeyida saqlanayotganligi haqida ma’lum qildi.

– Men 2022 yilda Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi arxeologiya jamg‘armasida Shayboniylar sulolasi vakili Abu Said Bahodurxon o‘g‘li Sulton Said Bahodurxonga tegishli qabr toshining bo‘laklari saqlanishi haqida maqola tayyorlagandim, – deydi Mahmudxon Yunusov. – Ya’ni bir butun qabrtoshning ikki bo‘lagi hajmi balandligi 40 santimetr, uzunligi 132 santimetr, qalinligi 36,5 santimetr bo‘lib, kirim kitoblaridagi tasnifida “1930 yilgacha kelib tushgan”, deya qayd etilgan.  

Qabrtoshlar Samarqand muzeyiga olib kelingunga qadar 5 yil mobaynida Samarqand shahri Petrovskiy ko‘chasi 31-uyda Nediger ismli ayol xonadonida saqlangan. Bu vaqt ichida turli kolleksionerlar uy egasi bilan qabrtoshlarni sotib olish uchun savdolashgan.  

Qabrtosh haqidagi ovozalar Samarqand harbiy gubernatoriga yetib borgach, Samarqand shahar 3-uchastka pristavi Mo‘minjon Muslimjonov qabrtoshlarning o‘g‘irlanib Petrovskiy ko‘chasi 31-uyga olib kelinishi yuzasidan 1905 yil 5-6 avgust kunlari surishtiruv o‘tkazadi va dalolatnoma tuzadi. Dalolatnomaga ko‘ra uy egasi ma’lum qiladiki, qabrtoshlarni vaqtincha uning uyida saqlagan shaxs Turkiston general-gubernatorligi diplomatiya bo‘limi sobiq amaldori A.Polovsev bo‘lgan. Qabrtoshlarning saqlanib qolgan qismlari Samarqand muzeyiga olib kelinadi. Biroq Samarqand muzeyida saqlanayotgan qabrtoshning ayrim qismlari yetishmaydi. Xususan, burchak yon tomoni va qorin qismida ikkita katta bo‘lak sindirib olingan.

O‘shanda qabrtoshning qolgan bo‘laklari qayerda ekanligi noma’lum edi, ammo yaqinda uning bir bo‘lagi Fransiyaning Luvr muzeyida ekanligi ma’lum bo‘ldi.  

Qabrtoshning Luvrdagi bo‘lagi quyidagicha tavsiflanadi: Abulg‘oziy Sulton Bahodirxon. 1530/1533 (XVI asrning ikkinchi choragi). Samarqand. Ashyo raqami: MAO 342. Islom san’ati bo‘limi.  

Luvr muzeyining elektron katalogidagi qaydlarga ko‘ra, ashyo 1950 yilda Fransiyadagi kolleksiya yig‘uvchi mashhur oila vakili  va “Gime muzeyi” mulkdori Gime Emil Eten tomonidan Luvr muzeyining Sharq qadimiyati bo‘limiga topshirilgan. Luvr muzeyidagi mazkur qabrtosh bo‘lagi bir necha marta xalqaro ko‘rgazmalarda namoyish etilgan.  Bu qabrtosh bo‘lagining Gimelar oilasi qo‘liga qanday tushib qolganligi alohida tadqiqot talab etadi.  

Sulton Said Bahodirxonga shayboniylar taxtiga o‘tirish nasib etmagan. Ammo uning otasi Abu Said Sulton 1530-1533 yillarda shayboniylar sulolasini boshqargan.  

G‘olib HASANOV, O‘zA muxbiri