Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Shayboniy shahzoda qabrtoshi Samarqand muzeyiga qanday kelib qolgan?
17:22 / 2022-10-10

Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi arxeologiya jamg‘armasida ikki bo‘lak qabrtosh saqlanadi. Qabrtosh Shayboniylar sulolasi vakili Abu Said Bahodurxon o‘g‘li Sulton Said Bahodurxonga tegishli (bir butun qabrtoshning ikki bo‘lagi, hajmi: balandligi 40 sm uzunligi 132 sm., qalinligi 36,5 sm.) bo‘lib, kirim kitoblaridagi tasnifida “1930 yilgacha kelib tushgan” deya qayd etilgan. Muzey-qo‘riqxona ilmiy arxivi saqlanayotgan Rossiya imperatorining arxeologiya komissiyasi (hozirgi Rossiya Fanlar Akademiyasi moddiy madaniyat instituti) arxiv hujjatlari nusxalarini o‘rganish jarayonida qabrtoshlarning Samarqand muzeyiga kelib qolishiga oydinlik kiritildi.

Mazkur hujjatlarga ko‘ra, professor N.Veselovkiy 1905 yil iyul oyida Samarqandda bo‘lganida Samarqand shahrida yashovchi Nediger ismli ayolga tegishli bo‘lgan, o‘sha vaqtdagi Petrovskiy ko‘chasi 31-uyda ikki dona qabrtosh bo‘laklari saqlanayotganligini aniqlaydi.

N.Veselovkiy Samarqand viloyati harbiy gubernatoriga yozgan axborotida bu haqida ma’lum qiladi. U o‘z axborotida “turli to‘plovchilar uy egasi bilan qabrtoshlarni sotib olish uchun savdolashmoqda. Ushbu toshlar davlat mulki hisoblanib, Samarqand muzeyiga topshirilishi kerak”ligini ma’lum qiladi. Hujjatlarda ko‘rsatilishcha, qabrtoshni Nediger ismli ayol kishining uyida saqlagan shaxs Turkiston general-gubernatorligi diplomatiya bo‘limi sobiq amaldori A.Polovsev bo‘lgan.

Viloyat ma’muriyati ushbu masala yuzasidan surishtiruv o‘tkazish bo‘yicha tegishli topshiriqlarni beradi. Samarqand shahar 3-uchastka pristavi Mo‘minjon Muslimjonov bu haqida 1905 yil 5-6 avgust kunlari surishtiruv o‘tkazib dalolatnoma tuzadi. Dalolatnomada ismi-sharifi qayd etilgan So‘zangaron mahallasi ellikboshisi Qobilboy Bobojonovning aytishicha, besh yil oldin Childuxtaron yodgorligiga rus millatiga mansub ikki kishi kelib qabrtoshlardan birini olib ketmoqchi bo‘ladi. Lekin ellikboshi bunga qarshilik qiladi. Ertasiga ikki bo‘lak qabrtoshni politsmeyster podpolkovnik Levshin arava buyurtma qilib, olib ketadi. Buni politsiya katta xodimi Maston Nosirov ham tasdiqlaydi.

Yuqoridagi hujjatlardan anglashiladiki, Turkiston general-gubernatorligi diplomati A.Polovsev dastlab o‘zi Childuxtaron yodgorligiga borgan va qabrtoshlarni berishni so‘ragan. Ammo ellikboshi Qobilboy Bobojonovdan rad javobini olgan. Shundan so‘ng bu topshiriqni A. Polovsev uchun politsmeyster Levshin uddalagan. Ushbu masala yuzasidan, Samarqand viloyat harbiy gubernatori 1905 yil 15 oktyabrda Imperator arxeologiya komissiyasiga yozgan 13599-sonli xatida professor N.Veselovkiy talabiga ko‘ra, qabrtosh bo‘laklari Samarqand muzeyiga olib kelinganligini bildiradi. Childuxtaron yodgorligida hozirda 40 dan ortiq shunday qabrtoshlar bo‘lib, ularning ayrimlari Temuriylargacha bo‘lgan davrga tegishlidir.

Mahmudxon Yunusov,

Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi bosh muhofizi

O‘zA