Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Shaxsning huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini yana-da kuchaytirishga qaratilgan islohot
12:50 / 2020-08-17

2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni izchil amalga oshirish hisoblanadi.


Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 10-avgustda “Sud-tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini yana-da kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni qabul qilinishi sud-tergov jarayonida shaxsning huquq va erkinliklarining konstitutsion kafolatini roʻyobga chiqarishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Mazkur Farmondan koʻzlangan asosiy maqsad mamlakatimizda jinoyat ishlarini tergov qilish faoliyatini xalqaro standartlar va ilgʻor xorijiy tajribani inobatga olgan holda yaxshilash, qonun ustuvorligi va javobgarlikning muqarrarligi prinsiplarini roʻyobga chiqarish, jinoyat-protsessual qonunchiligini yana-da takomillashtirish, shuningdek,

2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni izchil amalga oshirish hisoblanadi.

Farmonda sud-tergov faoliyatini yana-da takomillashtirishning bir qator asosiy yoʻnalishlari belgilangan boʻlib, aynan ushbu yoʻnalishlar sud-tergov faoliyatini zamonaviy va xalqchil darajaga olib chiqishga xizmat qiladi.

Xususan, Farmonga muvofiq shaxsning huquq va erkinliklariga soʻzsiz rioya etilishini taʼminlash, protsessual harakatlarning sifatini oshirish, jinoyat protsessida dalillarni toʻplash va mustahkamlash, ularga baho berish tizimini ilgʻor xorijiy tajribada keng qoʻllaniladigan isbotlash standartlarini inobatga olgan holda qayta koʻrib chiqish ayb uchun javobgarlik yoki aybsizlik prezumpsiyasi amalda namoyon boʻlishiga xizmat qiladi.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlarning jinoyatlarni fosh etish borasidagi faoliyatini yangi bosqichga olib chiqish, sodir etilgan har bir jinoyat uchun javobgarlikning muqarrarligini hamda shaxs, jamiyat va davlatga yetkazilgan zarar toʻliq qoplanishini taʼminlash jinoiy oqibatlarning salbiy jihatlarini bartaraf etish va boshqa shaxslar tomonidan yangi jinoyatlar sodir etilishini oldini oladi.

Shuningdek, shaxsga nisbatan qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qoʻllash bilan bogʻliq qilmishlar sodir etilishining oldini olish boʻyicha samarali mexanizmlarni joriy qilish, shuningdek, bunday qilmishlar uchun javobgarlikni kuchaytirish inson huquq va erkinliklari, shu jumladan shaxsning huquqlari muhofazasini kuchaytiradi.

Jinoyat ishlarini tergov qilish jarayoniga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish, surishtiruv va dastlabki tergov organlarining moddiy-texnika bazasini yana-da mustahkamlash va kadrlar salohiyatini oshirish sud-tergov faoliyatining sifati va samaradorligini oshiradi.

Bundan tashqari, jinoyatchilikning oldini olish tizimi samaradorligini oshirish, shuningdek, jinoyatlarning kelib chiqish sabablari va shart-sharoitlarini oʻz vaqtida aniqlash va bartaraf etish, fuqarolarning huquqiy madaniyatini yuksaltirish va ularda qonunga itoatgoʻylik ruhini shakllantirish mexanizmini joriy qilish xavfsiz jamiyat, xavfsiz hayot kabi oʻta zarur ijtimoiy ehtiyojlar toʻlaqonli qondirilishini taʼminlaydi.

Taʼkidlash joizki, har qanday islohotning sifati va samarasi shu islohot ishtirokchilarining malakasi, yana-da aniqroq izohlaydigan boʻlsak professional saviyasiga koʻp jihatdan bogʻliq. Shu sababli sud-tergov faoliyatini takomillashtirish oʻzi-oʻzidan sohada faoliyat olib boradigan kadrlar tayyorlash tizimini zamonaviy va xalqaro talablar asosida qayta koʻrib chiqishni taqozo qiladi.

Farmonda asosiy vazifalardan biri sifatida tergov sohasida kadrlar tayyorlash bilan bogʻliq muhim masalaga ham alohida eʼtibor qaratilib, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga bir oy muddatda Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi va boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda tergov sohasida malakali kadrlarni tayyorlashga ixtisoslashgan oliy taʼlim muassasasini tashkil etish boʻyicha takliflar ishlab chiqish topshirigʻi berilgan.

Maʼlumki, har bir soha rivoji va samaradorligi shu soha boʻyicha tayyorlangan kadrlar sifatiga bogʻliq. Xususan, tergovchi kasbi boʻyicha alohida, fundamental va ixtisoslashtirilgan bilimlar berishga qaratilgan oliy taʼlim muassasasi tashkil etish, tergov institutini rivojlantirish istiqbollarini belgilashga xizmat qiladigan tergov ilmiy maktabi yaratish, mamlakatimizda zamonaviy tergov amaliyotini shakllantirish strategiyasini ishlab chiqish, tergovchi etikasi va unga qoʻyiladigan professional talablarni belgilash kabi vazifalar ayni vaqtdagi dolzarb masalalardan hisoblanadi.

Shu bois, tergov sohasida kadrlar tayyorlash boʻyicha xalqaro standartlar oʻrganilgan holda ushbu sohada kadrlar tayyorlashga ixtisoslashgan oliy taʼlim muassasasining tashkil etilishi hamda mazkur oliy taʼlim muassasasida zamonaviy oʻqitish tizimining yoʻlga qoʻyilishi muhim ahamiyat kasb etadi.

Tergov sohasida alohida oliy taʼlim muassasasining tashkil etilishi tergov faoliyatini ilmiy-nazariy jihatdan maxsus oʻrganish, tergov harakatlarini olib borishning zamonaviy va samarali usul va vositalarini yaratish va amaliyotga joriy qilish, tergovchi kasbiga alohida yondashuv asosida uning shaxsiy va kasbiy jihatdan rivojlantirish borasida samarali natijalarga erishish imkonini beradi.

Xorijiy tajribalarni oʻrgangan holda tergov sohasida malakali kadrlar tayyorlashga qaratilgan oliy taʼlim muassasasi tashkil etilishi eng avvalo shaxsning huquqlarini himoya qilishga oid faoliyatni yana-da rivojlantirish, inson huquqlarini taʼminlash borasida ilgʻor xalqaro amaliyot darajasi doirasida boʻlish, eng muhimi, bu yoʻnalishda yangi va dolzarb maktab yaratilishiga xizmat qiladi.

Ixtiyor Joʻrayev,
Toshkent davlat yuridik universitetining
Ixtisoslashtirilgan filiali
direktori oʻrinbosari