Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Shaxsning daxlsiz huquqlarini buzishga hech kim haqli emas
16:51 / 2023-01-27

Har bir shaxsning erkin yashash huquqi konstitutsiyaviy darajada kafolatlangan daxlsiz huquqlaridan biridir.

Qolaversa, diniy qarashlarni boshqa shaxslarga majburan singdirishga yo‘l qo‘yilmaydi. Zero, e’tiqod masalasi har bir shaxsning o‘zigagina tegishli bo‘lgan shaxsiy ishidir.   

Ammo bugungi kunda diniy bilimi bormi-yo‘qmi, diniy mavzular orqali o‘zini “piar” qilayotganlar paydo bo‘lmoqda. Achinarlisi, qanday bo‘lmasin tomoshabin yig‘ish ortidan daromad topishga urinishlar ko‘payib ketdi. 

Bir qarashda asosan Islom diniga e’tiqod qiluvchi odamlar yashaydigan zaminda diniy targ‘ibotning zarari yo‘qdek. Lekin ajdodlarimiz dinni ilm darajasida e’zozlaganini hisobga olsak, diniy ilmlarni tarqatishga hamma ham haqli emas, nazarimizda.  

Buyuk olim, shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf haqida ko‘pchiligimiz yaxshi bilamiz. Bu inson Islom diniga oid  bilimlarni chuqur egallab, diniy ilmda yuksak martabaga erishgandan keyingina videosaboqlarni tasvirga oldirgan.  

Shu nuqtai nazardan qayerdadir eshitgan gaplaridan kelib chiqib, dindan “aql o‘ratuvchi”lar sal istihola qilsa bo‘lar edi. Hatto ayrim o‘zini “domla” deb yurganlarining takabburligini ko‘rib yoqa ushlaydi kishi. Axir ezgulik dini bo‘lgan Islomning bosh talabi – mo‘’minlik emasmi?  

Ijtimoiy tarmoqlarda ikki nafar shaxsning ayollarning yurish-turishiga oid videosi tarqalib, ko‘pchilikning e’tiroziga sabab bo‘lgan edi.

Ushbu masala bo‘yicha Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi munosabat bildirdi.

Mazkur tuzilmaning xabariga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrida yashovchi 1991 yilda tug‘ilgan X.D. va 1989 yilda tug‘ilgan I.O. tomonidan “Ayol kishining ko‘chaga chiqish odoblari...” nomli videolavha tarqatilib, unda bu shaxslar diniy mazmunda ayollarning ko‘chaga chiqishga oid turli nomaqbul cheklovlarini bayon qilganlari aks etgan. Holatni o‘rganish maqsadida X.D. va I.O. Toshkent shahar Yunusobod tumani IIO FMBga taklif etildi. 

O‘tkazilgan suhbat davomida ayollarning ko‘chaga chiqqanida o‘zlarini qanday tutishi, odobi, begona shaxslar bilan qanday munosabatda bo‘lishlari haqida o‘z tashabbuslariga ko‘ra shaxsiy diniy qarashlaridan kelib chiqqan holda munosabat bildirgani ma’lum bo‘ldi.

Profilaktik suhbat davomida fuqarolarga O‘zbekiston Respublikasining “Huquqbuzarliklar profilaktikasi to‘g‘risida”gi qonun talablari tushuntirilgan.

“Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunga asosan, jins bo‘yicha bilvosita kamsitish, ya’ni bir jinsdagi shaxslarni boshqa jinsdagi shaxslarga nisbatan noqulayroq holatga tushirib qo‘yadigan vaziyatlarni, holatlarni yoki mezonlarni yaratish, shu jumladan, gender tengsizlikni ommaviy axborot vositalari, ta’lim, madaniyat orqali targ‘ib etish, muayyan jinsdagi shaxslar uchun salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan shart-sharoitlar yoxud talablar belgilanishiga yo‘l qo‘yilmaydi. 

Ushbu qonunning 29-moddasida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik belgilangan. 

Shunday ekan, turmushda va jamiyatda qabul qilingan xulq-atvor normalari va qoidalariga rioya etishda insonlar o‘zlarining diniy va axloqiy qarashlari orqali boshqalarga baho berishi yoki boshqacha ko‘rinishda shaxsiy hayotiga aralashishi mumkin emas. Ushbu tartibga qarshi har qanday harakat qonun asosida qat’iy ta’qib qilinadi. 

“Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonunning 10-moddasiga binoan, mamlakat hududida diniy mazmundagi materiallarni tayyorlash va tarqatish dinshunoslik ekspertizasining ijobiy xulosasi olinganidan keyin amalga oshiriladi. 

Shu munosabat bilan ushbu fuqarolar Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 1842-moddasi (Diniy mazmundagi materiallarni qonunga xilof ravishda tayyorlash, saqlash, olib kirish yoki tarqatish)ga asosan ma’muriy javobgarlikka tortilgan. 

Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi fuqarolarni turli millat va konfessiya vakillari istiqomat qiladigan jamiyatimizda qonun bilan o‘rnatilgan va ijtimoiy kelishuv asosida tartibga solinadigan munosabatlarga qarshi har qanday turdagi nojoiz gap-so‘z va sa’y-harakatlar aholi orasida tushunmovchiliklar yuzaga kelishiga va turli muammolar kelib chiqishiga sabab bo‘lishini eslatib, xalqimiz mentaliteti, milliy urf-odatlari va jamiyatda qabul qilingan yurish-turish qoidalarini hurmat qilgan holda, milliy qonunchiligimizga itoatkor bo‘lishga chaqirdi. 

Haqiqatan ham qonunlarga rioya etish har bir shaxsning burchi ekanini unutmaslik kerak.  

N.Abduraimova, O‘zA