Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Shaxsiy uyga egalik qilish ijarada turishdan arzonroqmi yoxud eng past va baland narxli ijara uylari poytaxtning qaysi tumanlarida?
15:07 / 2022-09-20

Iqtisodchilarning fikricha, urbanizatsiya O‘zbekiston taraqqiyoti uchun ulkan imkoniyatlar yaratadi.

Barchaga ma’lum, so‘ngi yillarda mamlakatimizda urbanizatsiya yuqori darajada o‘sishi natijasida shaharlarda uy-joy narxi oshgan. Viloyatda istiqomat qiluvchi ko‘plab fuqarolar poytaxtda ishlab, shu yerdan uylarni ijaraga olib yashaydi.

Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti ekspertlari poytaxtimiz tumanlaridagi ko‘p qavatli uylarda ijara narxlari qanday ekanligini tahlil qildi.

bugungi kunda Toshkentda ko‘chmas mulkni ijaraga berishdan olinadigan daromad o‘rtacha bank valyuta depozitlari tushumidan 3,4 foiz, ya’ni uch baravar ko‘proq. Bu hozirgi kunda Toshkent shahrida jamg‘armalarni ko‘chmas mulkka sarflash va uni ijaraga berish valyutada depozit ko‘rinishida saqlashdan ko‘ra foydaliroq ekanligidan darak beradi.

Xonadon va ijara narxi nisbat ko‘rsatkichi Toshkent uchun 10 yilni tashkil etadi. Bu ko‘rsatkich Turkiyada 52 yilga, Germaniyada 34 yilga, Polshada 18 yilga, Ruminiyada 17 yilga teng. Demak, Toshkentda shaxsiy uyga egalik qilish ijarada turishga qaraganda arzonroq. Bu esa tabiiy ravishda odamlarda ijarada turishdan ko‘ra o‘z uyiga ega bo‘lish istagini kuchaytiradi.

Toshkent shahri markazidagi xonadonning o‘rtacha narxi YAIMning kishi boshiga to‘g‘ri keladigan ulushidan 50 barobar ko‘p. Bu ko‘rsatkich Ukrainada 158 barobar, Rossiyada 87 barobar, Buyuk Britaniyada 66 barobar, Shveysariyada 20 barobar, Germaniyada 17 barobar, Lyuksemburgda 5 barobarni tashkil etadi. Umumiy hisobda odamlarning xarid qobiliyati past yoki yuqoriligini ko‘rsatadi.

Demak, Toshkentda uy-joy arzon emas. O‘rtacha xonadon sotib olish uchun jon boshiga YAIMning 50 barobarini sarflash kerak. Bu borada Toshkentda uy-joy ancha taraqqiy etgan mamlakatlardan ko‘ra qimmatligini ko‘rish mumkin.

Bundan tashqari, Toshkentda ijara narxi ham qimmat. Ijara biznesining daromadliligi 10 foizdan ziyod. O‘z-o‘zidan ma’lumki, sotib olingan xonadon 10 yilda o‘z qiymatini oqlaydi.

Qayd etilishicha, urbanizatsiya sur’ati yuqori bo‘lgan hozirgi davrda xonadonlar uchun ijara narxlari masalasi ham dolzarb ahamiyat kasb etib boraveradi. Statistika ma’lumotlariga ko‘ra, Shveysariyada ijarada yashovchi oilalar ulushi 68 foizni, Germaniyada 64 foizni tashkil etadi. Bu ko‘rsatkich Xitoyda 14 foizga, Rossiyada esa 11foizga teng.

Hozir rivojlangan davlatlar aholining turmush darajasini yaxshilash maqsadida ijarachilarning huquqlarini himoya qiladi, shartnoma muddati davomida ijara narxlari o‘zgarmasligini ta’minlaydi. Masalan, Buyuk Britaniyada ijara bilan bog‘liq belgilangan to‘lovlardan tashqari har qanday komissiya olish taqiqlangan. AQSHda ipoteka krediti hisobiga uy olgan shaxslar daromad solig‘ini to‘lashda imtiyozga ega bo‘ladi.

"The Economist" nashrining ma’lum qilishicha, uyga egalik qilish ko‘rsatkichi qanchalik yuqori bo‘lsa, uy bozorida narxlar shunchalik o‘zgaruvchan bo‘ladi. Masalan, Shveysariyada uyga egalik qiluvchilar ulushi 3 foiz, Buyuk Britaniyada 60 foiz atrofida. Shunga mos ravishda Shveysariyada uy narxlari 1970 yildan 2019 yilgacha 70 foizga, Buyuk Britaniyada esa 346 foizga oshgan.

Bundan tashqari, ijarada turish ko‘rsatkichining oshishi makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarga ham ta’sir etadi. Masalan, AQSHda uyga egalik qilish ko‘rsatkichi oshgani sayin ishsizlik darajasi ham oshgan. Bu bir tomondan odamlarda boshqa joyga ko‘chish xohishi yo‘qolishi, ikkinchi tomondan esa ish o‘rinlari mavjud joylarga ko‘chib o‘tish qimmatlashishi bilan bog‘liq.

Tahlil natijalariga ko‘ra, Toshkent shahrida ko‘p qavatli uylardagi ijara narxi o‘rtacha 339 AQSH dollariga teng. Ijara narxlari bo‘yicha eng past narx Sergeli va Olmazor tumanlarida, eng baland narx esa Mirobod va Yakkasaroy tumanlarida qayd etildi.

Ijara biznesining daromadliligi Toshkent shahri uchun 10 foizni tashkil etadi. Taqqoslaydigan bo‘lsak, bu raqam Ruminiyada 6 foizni, Polshada 5 foizni, Germaniyada 3 foizni, Turkiyada esa 2 foizni tashkil etadi.

Xulosa qilib aytganda, Toshkent shahrida xonadon ijarasi bozori shakllanishning boshlang‘ich bosqichida turibdi. Urbanizatsiya jarayonining jadallashib borayotganini inobatga olib, ijara bozorini rivojlantirish uchun quyidagilar tavsiya etilgan.

Ijarada turuvchilarning manfaatlari va huquqlarini himoya qilishning qonuniy asoslarini yanada mustahkamlash, ijara narxlari keskin o‘zgarishini nazorat qilish, ijara narxi shahar bo‘yicha o‘rtacha narxdan sababsiz keskin 10 foizdan ko‘proqqa oshira olmaslikni qonun belgilash, bozorda informatsion asimmetriya muammosining oldini olish maqsadida uy egasi va potensial ijarachini to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘laydigan informatsion texnologiyalarni keng joriy etish.

Toshkentda shaxsiy uyga egalik qilish ijarada turishga qaraganda arzonroq. Bu esa tabiiy ravishda odamlarda ijarada turishdan ko‘ra o‘z uyiga ega bo‘lish istagini kuchaytiradi.

 

Shahnoza Mamaturopova,

O‘zA