“Adolat” SDP deputatlari mas’ul idoralardan izoh talab qildi.
So‘nggi kunlarda O‘zbekiston fuqarolarining shaxsiy ma’lumotlari “Darknet” va boshqa ochiq internet resurslariga sizib chiqqan bo‘lishi mumkinligi haqidagi xabarlar jamoatchilikda jiddiy xavotir uyg‘otmoqda. Ushbu masala Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Adolat” SDP fraksiyasi diqqat markaziga olindi.
Ma’lum qilinishicha, mazkur holatning fuqarolarning huquqiy va moliyaviy xavfsizligiga jiddiy tahdid solayotganini inobatga olgan holda, partiya deputati Mahmud Valiyev mas’ul davlat organlari rahbarlariga deputatlik so‘rovi yuborgan.
Deputatlik so‘rovi uch yo‘nalishni qamrab olgan. Xususan, Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatovdan shaxsiy ma’lumotlar sizib chiqqani haqidagi xabarlar qay darajada tasdiqlangani, ma’lumotlar xavfsizligi holati, hodisaga sabab bo‘lgan omillar, shuningdek, hukumatning autentifikatsiya infratuzilmasi — “OAuth” serveri va “my.gov.uz” portalida bunday holatlar takrorlanmasligi uchun qanday texnik va tashkiliy choralar ko‘rilayotgani yuzasidan aniq ma’lumot so‘ralgan.
Ichki ishlar vaziri Aziz Toshpo‘latovga esa vakolatli idoralar bilan hamkorlikda olib borilayotgan tezkor-qidiruv ishlari, kiberhujumni amalga oshirgan shaxslarni aniqlash, shaxsiy ma’lumotlarni tarqatish bilan bog‘liq jinoyatlar profilaktikasini kuchaytirish hamda qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirish bo‘yicha takliflar taqdim etish masalalari yuzasidan savollar yo‘llangan.
Shuningdek, Milliy statistika qo‘mitasi raisi Bahrom Hamrayevdan aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish jarayonida to‘plangan ma’lumotlarni saqlash va himoya qilish chora-tadbirlari, hamda “Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida”gi qonun talablariga rioya etilishi holati bo‘yicha tushuntirish berish so‘ralgan.
“Biz uchun inson qadri va uning shaxsiy hayoti daxlsizligi oliy qadriyat hisoblanadi”, — deyiladi “Adolat” SDP fraksiyasi bayonotida. Fraksiya a’zolari mazkur masala yuzasidan mas’ul idoralardan asoslantirilgan va ochiq tushuntirish berishni talab qilmoqda.
O‘zA