English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Shaxsga doir ma’lumotlarning huquqiy asosi takomillashtirilmoqda
18:58 / 2021-05-24

Keyingi paytlarda fuqarolarning shaxsga doir ma’lumotlardan noto‘g‘ri foydalanishi oqibatida qator huquqbuzarliklar sodir etilish holatlari kuzatilmoqda.

Xususan, o‘zga shaxslar tomonidan fuqarolar pasporti yoki ID-karta ma’lumotlaridan ruxsatsiz foydalangan holda tadbirkorlik sub’ektlari tashkil etish, kredit shartnomalarini noqonuniy ravishda rasmiylashtirish hamda moliyaviy piramidalar tuzish holatlari uchramoqda.

Shunday xatti-harakatlar bilan bir qatorda internet tarmog‘i va ijtimoiy tarmoqlarda shaxsga doir ma’lumotlardan foydalangan holda noqonuniy xatti-harakatlar sodir etilishi ko‘paymoqda.

Shundan kelib chiqib, «O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qonun loyihasi ishlab chiqildi.

Mazkur qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda konseptual jihatdan ko‘rib chiqildi.

Qonun loyihasi bilan Jinoyat kodeksining 1412-moddasi hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 462-moddalariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilyapti. Ya’ni, shaxsga doir ma’lumotlar (pasport, ID, STIR va boshqa ma’lumotlar)ni qonunga xilof ravishda yig‘ish, tizimlashtirish, saqlash, o‘zgartirish, to‘ldirish, ulardan foydalanish, ularni berish, tarqatish, uzatish, yo‘q qilish, shuningdek, ushbu ma’lumotlarga ishlov berishda ularning jisman O‘zbekiston Respublikasi hududida joylashgan texnik vositalarda hamda belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan axborot bazalarida yig‘maslikka nisbatan kuchaytirilgan jazo choralari qo‘llaniladi.

Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.

N.Nasriyev, O‘zA