Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Shaxsga doir ma’lumotlarni g‘arazli niyatlarda tarqatish jarima yoki qamoq jazosiga sabab bo‘ladi
16:17 / 2023-08-11

Huquqiy munosabat

Bosh qomusimizning 31-moddasida har bir inson shaxsiy hayotining daxlsizligi, shaxsiy va oilaviy sirga ega bo‘lish, o‘z sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish huquqiga egaligi kabi qoidalar belgilab qo‘yilgan. Shuningdek, unda shaxsga doir ma’lumotlarni qonunga xilof ravishda yig‘ish va tarqatish tizimlashtirish, saqlash, o‘zgartirish, to‘ldirish, ulardan foydalanish, ularni berish, uzatish, egasizlantirish va yo‘q qilish kabi harakatlarni sodir etganlarga javobgarlik belgilangan. Toshkent davlat yuridik universiteti Yuridik klinikasi xodimi Javohir Eshonqulov bu borada batafsil ma’lumot berdi.  

– O‘zbekiston Respublikasining ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 46-prim 1-moddasiga asosan, shaxsiy hayot daxlsizligini buzish ya’ni shaxsning shaxsiy yoki oilaviy sirini tashkil etuvchi shaxsiy hayoti to‘g‘risidagi ma’lumotlarni uning roziligisiz qonunga xilof ravishda yig‘ish yoki tarqatish, bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravari, jumladan, 3 million 300 ming so‘mdan qirq baravari – 13 million 200 ming so‘mgacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘lishi belgilab qo‘yilgan.  

Agarda bu harakat ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin yana sodir etiladigan bo‘lsa, Jinoyat kodeksining 14-prim 1-moddasiga asosan jinoiy javobgarlikka tortishga olib kelishi mumkin. Shaxsning shaxsiy yoki oilaviy sirini tashkil etuvchi shaxsiy hayoti to‘g‘risidagi ma’lumotlarni uning roziligisiz qonunga xilof ravishda yig‘ish yoki tarqatish, shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravari – 16 million 500 ming so‘mdan yuz baravari – 33 million so‘mgacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.  

O‘sha harakatlar og‘ir oqibatlarga olib kelgan bo‘lsa, g‘arazli niyatlarda sodir etilgan bo‘lsa, xavfli retsidivist tomonidan sodir etilgan bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravari – 33 million so‘mdan ikki yuz baravari – 66 million so‘mgacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatdan uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi belgilab qo‘yilgan.  

Jinoyat kodeksining 141-prim 3-moddasida belgilanganidek, shaxs tanasining va  jinsiy a’zolarining yalang‘och holdagi foto yoki videotasvirini o‘z ichiga olgan axborotni uning roziligisiz tarqatish, shu jumladan ommaviy axborot vositalarida, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki Internet jahon axborot tarmog‘ida tarqatish yoxud bunday axborotni tarqatish bilan qo‘rqitish, bazaviy hisoblash miqdorining to‘rt yuz baravari – 132 million so‘mdan olti yuz baravari – 198 million so‘mgacha miqdorda jarima yoki uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.  

Gulnoza Boboyeva, O‘zA