Shaxsga doir ma’lumotlarni ruxsatsiz oshkor qilish, tarqatish bilan bog‘liq huquqbuzarlik va jinoyatlar tez-tez uchrab turadi. Bunday holatlar uchun qanday javobgarlik choralari bor?
Bu savolga Adliya vazirligining “Adolat” milliy huquqiy axborot markazi bo‘lim boshlig‘i Sevara O‘rinboyeva javob berdi:
– Shaxsga doir ma’lumotlar ruxsatsiz tarqatilishiga ko‘p hollarda fuqarolar o‘rtasidagi adovat sabab bo‘lmoqda. Shu yo‘l bilan bir-biriga zarar yetkazish yoki tovlamachilik qilishga urinayotganlar uchrab turadi.
Biroq, bunday holatlar uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik mavjud. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 46-2-moddasiga muvofiq, shaxsga doir ma’lumotlarni qonunga xilof ravishda yig‘ish, tizimlashtirish, saqlash, o‘zgartirish, to‘ldirish, ulardan foydalanish, ularni berish, tarqatish, uzatish, egasizlantirish va yo‘q qilish – fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining yetti baravari, mansabdor shaxslarga esa, ellik baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.
Bunga axborot texnologiyalaridan foydalangan holda, shu jumladan, Internet jahon axborot tarmog‘ida shaxsga doir ma’lumotlarni yig‘ishga, tizimlashtirishga va saqlashga oid talablarga rioya etmaslik holatlari ham kiradi.
Jinoyat kodeksi 141-2-moddasi “Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish” deb nomlangan. Unga ko‘ra, shaxsga doir ma’lumotlarni qonunga xilof ravishda yig‘ish, tizimlashtirish, saqlash, o‘zgartirish, to‘ldirish, ulardan foydalanish, ularni berish, tarqatish, uzatish, egasizlantirish va yo‘q qilish, axborot texnologiyalaridan foydalangan holda, Internet orqali shunday harakatlar sodir etilishi – bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan bir yuz ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
Bordi-yu, o‘sha harakatlar bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib, takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan, g‘arazli yoki boshqa past niyatlarda, xizmat mavqeidan foydalangan holda sodir etilgan bo‘lsa hamda og‘ir oqibatlar olib kelsa, aybdorga bazaviy hisoblash miqdorining bir yuz ellik baravaridan ikki yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazosi tayinlanadi.
Shaxs tanasi aks etgan foto, videotasvirini o‘z ichiga olgan axborotni uning roziligisiz tarqatish yoki uni tarqatish bilan qo‘rqitish ham javobgarlikka sabab bo‘ladi. Bunday qilmishni sodir etgan shaxslar bazaviy hisoblash miqdorining to‘rt yuz baravaridan olti yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanishi mumkin.
Agar shu harakatlar takroran yoki xavfli retsidivist yoinki bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib, qolaversa, o‘n sakkiz yoshga to‘lmagani aybdorga ayon bo‘lgan shaxsga nisbatan sodir etilgan bo‘lsa, aybdor uch yuz oltmish soatdan to‘rt yuz sakson soatgacha majburiy jamoat ishlari jazosiga tortiladi yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum etiladi.
Hayotda shunday holatlar ham bo‘lishi mumkinki, jabrlanuvchi sud tomonidan tayinlangan jazoga qo‘shimcha ravishda o‘ziga yetkazilgan ma’naviy zararni undirishi ham qonun bilan kafolatlangan. Buning uchun sudga murojaat qilish kerak bo‘ladi.
Umuman olganda, shaxsga doir ma’lumotlar masalasida o‘ta ehtiyotkorlik bilan ish tutish talab etiladi. Aksincha, bir kichik xato katta tashvishlarni yuzaga keltirishi mumkin.
N.Abduraimova,
O‘zA