Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Shaxsga doir ma’lumotlar tarqalgani uchun javobgarlik bormi? (+video)
19:15 / 2026-02-05

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n uchinchi yalpi majlisining birinchi ish kuni yakunlandi.

Senat Raisi Tanzila Norboyeva boshqargan majlisda Senat va Hukumat a’zolari, vazirlik va idoralar rahbarlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Majlisda oziq-ovqat xavfsizligi, jismoniy tarbiya va sport, O‘zbekistonda islomiy bank faoliyati, ekologik toza hududlarning huquqiy maqomiga oid qonunlar ma’qullandi.

“O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun bilan esa  hukumat a’zoligiga taqdim etilgan shaxslar va hokim lavozimiga nomzodlar endi o‘z faoliyat dasturlari bilan bir qatorda korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha shaxsiy rejalarini ham taqdim etishi shart etib belgilanayotgani qayd etildi.  

“Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish haqida”gi qonun qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi.  

Boisi, shaxsga doir ma’lumotlarning tarqalishi bilan bog‘liq holat ko‘pchilikda xavotir uyg‘otgani sir emas.  

Senator Husan Ermatov Ichki ishlar vazirligi vakiliga murojaat qilib, shaxsga doir ma’lumotlarni saqlovchining vakolatlari, mas’uliyati qandayligini so‘radi.  

Bu savolga IIV Migratsiya va personallashtirish departamenti boshlig‘i Ulug‘bek Toshxo‘jayev javob berar ekan, personallashtirish markazi ayni paytda ichki ishlar organlari tizimiga o‘tkazilganini ta’kidladi. Bu shaxsga doir ma’lumotlarni saqlash va himoya qilish bo‘yicha vakolatli organ hisoblanadi. Qonunchilikda shaxsga doir ma’lumotlar bilan bog‘liq holatlar yuz berganda chora ko‘rish tizimi mavjud. Qolaversa, har bir shaxsda o‘zi bilan bog‘liq ma’lumotlar bo‘yicha mas’uliyat borligi, ofertaga ruxsat berish har kimning o‘ziga bog‘liqligini aytib o‘tdi.  

Ayni paytda moliyaviy yo‘nalishda yangi tizim joriy etilishi yoki muayyan kompaniyalarga ma’lumot olish vakolati beriladigan bo‘lsa, bu boradagi nazorat tizimi qaytadan ko‘rib chiqiladi.  

Qonunda fintex, elektron tijorat va raqamli iqtisodiyot rivojini jadallashtirish, frilanserlar uchun qonuniy va shaffof to‘lov mexanizmlarini yaratish, chet ellik turistlar uchun kontaktsiz to‘lov imkoniyatlarini kengaytirish ko‘zda tutilgan.  

Senat qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burhonov qonun xalqaro to‘lov tizimlarining O‘zbekiston bozoriga kirishi muayyan darajada cheklanib qolayotgani bilan bog‘liq muammolarni bartaraf etishga qaratilganini ta’kidladi.  

Qonunda faqat ayrim turdagi shaxsga doir ma’lumotlar (ya’ni, biometrik, genetik hamda telekommunikatsiya xizmatlari bilan bog‘liq ma’lumotlar) O‘zbekiston hududida saqlanishi shartligi belgilanmoqda.  

Boshqa ma’lumotlarni chet elga uzatish va saqlash uchun aniq xavfsizlik talablari joriy etilib, Vazirlar Mahkamasiga shaxsga doir ma’lumotlar xavfsizligi ta’minlangan davlatlar ro‘yxatini tasdiqlash vakolati berilmoqda.

Qonun elektron tijoratni rivojlantirish yo‘nalishida huquqiy va me’yoriy-huquqiy bazani takomillashtirish hamda aholi va tadbirkorlik sub’ektlariga xalqaro Internet platformalaridan foydalanishda yanada qulay sharoitlarni yaratishga xizmat qiladi.

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/cOH17g2epMM" title="Shaxsga doir ma’lumotlar tarqalgani uchun javobgarlik bormi?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Norgul Abduraimova, 

Doniyor Yoqubov (video), 

Anvarxo‘ja Ahmedov (montaj), O‘zA