Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Shaxsga doir ma’lumotlar o‘sha shaxsning ruxsati bilan tarqatilishi mumkin
12:48 / 2021-05-11

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Dastlab «Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga qo‘shimcha kiritish haqida»gi qonun loyihasi muhokama qilindi.

Taklif etilayotgan qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida yuridik texnika talablaridan kelib chiqqan holda o‘zgartishlar kiritildi. Xususan, amaldagi «Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida»gi qonun Harbiy xizmatchilar (kursantlar, tinglovchilar), harbiy yig‘inlarga chaqirilgan harbiy xizmatga majburlar va safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatni o‘tayotgan shaxslarning moddiy javobgarligi, deb nomlanuvchi bo‘lim bilan to‘ldirilmoqda.

Yig‘ilishda «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ham ko‘rib chiqildi. «Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida»gi qonunga quyidagi mazmundagi o‘zgartish kiritilgan.

Unga asosan mulkdor va (yoki) operator O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining shaxsga doir ma’lumotlariga axborot texnologiyalaridan foydalangan holda ishlov berishda, shu jumladan, internet tarmog‘ida ishlov berishda ularning jismonan O‘zbekiston Respublikasi hududida joylashgan texnik vositalarda hamda belgilangan tartibda Shaxsga doir ma’lumotlar bazalarining davlat reyestrida ro‘yxatdan o‘tkazilgan shaxsga doir ma’lumotlar bazalarida yig‘ilishini, tizimlashtirilishini va saqlanishini ta’minlashi shart.

Shu bilan bir qatorda, mazkur qonun talabidan kelib chiqib, Jinoyat kodeksining 141-moddasiga hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 462-moddasiga shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish masalasida o‘zgartirish kiritilmoqda.

Yig‘ilishda xalq vakillari bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlarda, internet saytlarida shaxsga doir ma’lumotlardan (fotosuratlar, ism-sharif, lavozim va hokazo) uning roziligisiz foydalanish, tarqatish holatlari ko‘payib borayotganining sabablari bilan qiziqdi.

Qonun tashabbuskorlari bu masalaga to‘xtalar ekan, shaxsga doir ma’lumotlar muayyan jismoniy shaxsga taalluqli bo‘lgan yoki uni identifikatsiya qilish imkonini beradigan axborot ekanini aytib, shaxsga doir ma’lumotlarni yig‘ishning ilgari bildirilgan maqsadlaridan chetga chiqilgan hollarda, ushbu ma’lumotlarni tarqatish ma’lumot o‘ziga taalluqli bo‘lgan shaxsning roziligi bilan amalga oshirilishini bildirdi.

Fraksiya yig‘ilishida yana bir qator qonun loyihalari muhokama etilib, kun tartibidagi masalalar yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.

 

 

Nurillo Nasriyev, O‘zA