Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Shaxsga doir ma’lumotlar himoya qilinishi bo‘yicha qanday mas’uliyat mavjud?
15:50 / 2026-02-05

Shaxsga doir ma’lumotlarning tarqalishi bilan xabarlar ko‘pchilikda xavotir uyg‘otgani sir emas.

Senat yalpi majlisida aynan shu masalaga ham e’tibor qaratildi. Senator Husan Ermatov Ichki ishlar vazirligi vakiliga murojaat qilib, shaxsga doir ma’lumotlarni saqlovchining vakolatlari, mas’uliyati qandayligini so‘radi.  

Bu savolga IIV Migratsiya va personallashtirish departamenti boshlig‘i Ulug‘bek Toshxo‘jayev javob berar ekan, personallashtirish markazi ayni paytda ichki ishlar organlari tizimiga o‘tkazilganini ta’kidladi. Bu shaxsga doir ma’lumotlarni saqlash va himoya qilish bo‘yicha vakolatli organ hisoblanadi.  Qonunchilikda shaxsga doir ma’lumotlar bilan bog‘liq holatlar yuz berganda chora ko‘rish tizimi mavjud. Qolaversa, har bir shaxsda o‘zi bilan bog‘liq ma’lumotlar bo‘yicha mas’uliyat borligi, ofertaga ruxsat berish har kimning o‘ziga bog‘liqligini aytib o‘tdi.  

Ayni paytda moliyaviy yo‘nalishda yangi tizim joriy etilishi yoki muayyan kompaniyalarga ma’lumot olish vakolati beriladigan bo‘lsa, bu boradagi nazorat tizimi qaytadan ko‘rib chiqiladi.  

Senat yalpi majlisida ma’qullangan “Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish haqida”gi qonun xalqaro onlayn to‘lov tizimlarining mamlakatimizda faoliyat yuritishini yengillashtirishga qaratilgan.  

Qonunda fintex, elektron tijorat va raqamli iqtisodiyot rivojini jadallashtirish, frilanserlar uchun qonuniy va shaffof to‘lov mexanizmlarini yaratish, chet ellik turistlar uchun kontaktsiz to‘lov imkoniyatlarini kengaytirish ko‘zda tutilgan.  

Senat qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burhonov qonun xalqaro to‘lov tizimlarining O‘zbekiston bozoriga kirishi muayyan darajada cheklanib qolayotgani bilan bog‘liq muammolarni bartaraf etishga qaratilganini ta’kidladi.  

Qonunda faqat ayrim turdagi shaxsga doir ma’lumotlar (biometrik, genetik hamda telekommunikatsiya xizmatlari bilan bog‘liq ma’lumotlar) O‘zbekiston hududida saqlanishi shartligi belgilanmoqda.  

Boshqa ma’lumotlarni chet elga uzatish va saqlash uchun aniq xavfsizlik talablari joriy etilib, Vazirlar Mahkamasiga shaxsga doir ma’lumotlar xavfsizligi ta’minlangan davlatlar ro‘yxatini tasdiqlash vakolati berilmoqda.

Senatorlar ma’qullagan qonun elektron tijoratni rivojlantirish yo‘nalishida huquqiy va me’yoriy-huquqiy bazani takomillashtirish hamda aholi va tadbirkorlik sub’ektlariga xalqaro Internet platformalaridan foydalanishda yanada qulay sharoitlarni yaratishga xizmat qiladi.

Norgul Abduraimova, Farhod Abdurasulov (surat), O‘zA