“Yerdan sug‘urib olinib, qumli sahroga tashlang‘an giyoh halok bo‘lganidek, shaxs baxti ham jamiyatdan tashqarida bo‘lmaydi”
Aleksey Tolstoy
Raqamli hayot, transmilliy madaniyat, mehnat bozorining yangi talablari va erkinlik haqidagi tasavvurlarning kengayishi Sharqqa xos hamjihatlik va G‘arbga xos individualizmni endi qarama-qarshi emas, balki o‘zaro to‘ldiruvchi jarayon sifatida namoyon qilmoqda. Shaxs bir vaqtning o‘zida mahalliy jamoa, professional tarmoq va global virtual hamjamiyatga mansub bo‘lishi uning imkoniyatlarini kengaytiradi. Shu sababli bugungi davrning asosiy savoli — qaysi model ustunligi emas, balki shaxs va jamiyatning yangi uyg‘unlik formulasini topishdir.

Ta’kidlash joiz, bugungi global muhit shaxsning individual erkinliklarini mislsiz kengaytirib, uni o‘z taqdirining faol yaratuvchisiga aylantirdi. Inson endi yagona identitetga emas, balki bir nechta hamjamiyatga mansub: oilaviy qadriyatlar, milliy madaniyat, kasbiy doira va onlayn tarmoqlar bir vaqtning o‘zida uning «men»ini shakllantiradi. Globalizatsiya insonni kuchaytiradi, lekin shu kuchayish an’anaviy jamiyatning axloqiy me’yorlari bilan to‘qnash keladi. Mana shu jarayon hozir eng asosiy «shaxs–jamiyat» dinamikasi sifatida kuzatilmoqda.
Individualizm ijodkorlik, innovatsiya va iqtisodiy faollikka katta turtki beradi. Aytish kerakki, butun dunyoda, O‘zbekistonda ham shaxsiy tashabbus, startaplar, raqamli iqtisodiyotning o‘sishi ijobiy o‘zgarishlar qilmoqda.
Bugungi yoshlar erkinlik, o‘zini anglash va mustaqil qaror qilishga intilar ekan, bu o‘zgarish ko‘proq ijtimoiy moslashuv sifatida ko‘riladi: dunyo tez o‘zgarayotgani sari identitet ham statik emas, balki qayta yaratiladigan jarayonga aylanmoqda. Kollektiv qadriyatlar yo‘qolayotgani yo‘q — ular shunchaki yangi kontekstga ko‘chmoqda: volontyorlik, ijodiy guruhlar, startap jamoalari va onlayn tarmoqlarda hamjihatlikning zamonaviy shakllari vujudga kelmoqda. Biroq haddan tashqari individualizm ijtimoiy uzilish, ma’naviy bo‘shliq va jamoadan begonalashuv xavfini tug‘dirishi mumkin. Shuning uchun bugungi yoshlar individualisti emas, balki “gibrid identitet” egasi — u erkinlikka intiladi, jamiyat bilan yangi, yanada bog‘lanish usullarini izlaydi.

Ekspert Farxod Karimovning fikricha, shaxs va jamiyat o‘rtasidagi muvozanatning zamonaviy talqini — bu madaniy emas, avvalo institutsional masala. Individual tashabbusni rag‘batlantiruvchi siyosat — ta’lim, raqamli iqtisodiyot, startap ekotizimi ijtimoiy birdamlik mexanizmlari bilan uyg‘unlashmaguncha, individualizmning o‘sishi tengsizlikni ham kuchaytiraveradi. Shuning uchun yondashuv “G‘arb individualizmi yoki Sharq kollektivizmi” emas, balki ularning muvozanatini ko‘zlagan zamonaviy model bo‘lishi kerak. Tahlilchining nuqtayi nazariga ko‘ra, jamoaviy loyihalar, volontyorlik va raqamli hamjamiyatlar orqali an’anaviy hamjihatlik qadriyatlarini yoshlar hayotida amaliy imkoniyatlarga aylantirish shaxsiy erkinlikni jamiyatdan uzmaydi, aksincha, uni mazmunan boyitadi.
So‘nggi tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, individualizm va kollektivizm farqlari faqat madaniyatga emas, balki tarixiy va ekologik sharoitlarga ham bog‘liq. Masalan, qishloq xo‘jaligi bilan shug‘ullangan hududlarda hamjihatlik qadriyatlari mustahkam shakllanadi, issiq va resurslar cheklangan hududlarda esa ijtimoiy birdamlik hayotiy zarurat sifatida rivojlanadi: sovuq yoki resurslar boy hududlarda esa shaxsiy tashabbus va individualizm yuqori bo‘lishi mumkin. Bu yondashuv Sharq–G‘arb dikotomiyasini yangicha nuqtai nazardan qayta ko‘rib chiqishga majbur qiladi: madaniy qarama-qarshiliklar endi statik stereotiplar emas, balki ekologik va tarixiy kontekstga bog‘liq dinamik jarayon sifatida talqin qilinadi.
Texnologiyalar, ijtimoiy tarmoqlar va global kommunikatsiyalar shaxs va jamiyat o‘rtasidagi balansni yangicha talqin qilmoqda. Yoshlar onlayn hamjamiyatlar orqali o‘zini anglaydi, qiziqishlariga mos virtual guruhlar topadi va global platformalarda o‘z ovozini eshittiradi, ammo shu bilan birga, real jamoat bilan aloqalari zaiflashishi mumkin. Natijada, shaxs erkinlik va kreativlikni onlayn maydonda topadi, lekin mahalliy jamoalarning ijtimoiy kapitalidan to‘liq foydalana olmaydi. Bu jarayon shaxs–jamiyat munosabatlarida yangi paradigma yaratadi: ham individual imkoniyatlar kengayadi, ham mahalliy solidaritet va hamjihatlikni saqlash masalasi dolzarb bo‘ladi.
Inson psixologiyasida individualizm va kollektivizm shaxsning ruhiy va hissiy muvozanatiga bevosita ta’sir qiladi. Individualizm shaxsiy erkinlik, o‘z qarorini mustaqil qabul qilish va ijodiy o‘sish imkonini berib, motivatsiya va o‘zini anglashni kuchaytiradi; biroq ijtimoiy bog‘liqlik sust bo‘lsa, izolatsiya, stress va ijtimoiy xavotirni oshirishi mumkin. Kollektivizm esa qo‘llab-quvvatlash, birdamlik va xavfsizlik hissini beradi, lekin haddan tashqari qat’iy qoidalar shaxsiy erkinlikni cheklashi mumkin. Bugungi yoshlar bu ikki tamoyilni bir vaqtda boshdan kechiradi, shuning uchun ruhiy sog‘liq va hissiy barqarorlikni saqlashda, muvozanatni topish masalasi muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Hozirgi davrda ideal shaxs–jamiyat modeli — bu mahalliy qadriyatlarni saqlagan holda global erkinlik va individual o‘sishni qo‘llab-quvvatlovchi gibrid tizimdir. Shaxs o‘z imkoniyatlarini maksimal darajada rivojlantirishi, ijodiy va iqtisodiy tashabbus ko‘rsatishi mumkin, lekin jamiyat bilan uzviy bog‘lanish, solidaritet va bir-birini qo‘llab-quvvatlash tamoyillari ham saqlanadi. Ushbu model shunday ishlaydi: individual erkinlik jamiyatning barqaror rivojlanishiga xizmat qiladi, kollektiv qadriyatlar esa shaxsga psixologik va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash manbai bo‘lib xizmat qiladi. F.Karimov ta’kidlaganidek, gibrid model jamiyat va shaxs o‘rtasidagi murakkab, ammo uzviy uyg‘unlikni yaratadi, identitetni yo‘qotmay, balki uni zamonaviy kontekstda boyitadi.
Musulmon Ziyo tayyorladi,
O‘zA