French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Shaxs qadr-qimmatini himoya qilish – jamiyat taraqqiyoti garovi
10:31 / 2022-03-21

Inson sha’nini muhofaza qilish, uning emin-erkin hayot kechirishi uchun zarur bo‘lgan barcha sharoitlarni yaratish bugunning eng dolzarb vazifasi hisoblanadi.

 Shubhasiz, har qanday jamiyatning moddiy-ma’naviy ahvoli va taraqqiyot darajasi undagi fuqarolarga bo‘lgan munosabat, ularning qadr-qimmatini e’zozlash ko‘rsatkichi bilan uzviy bog‘liq.

Prezidentimiz tomonidan 2022 yilning “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili” deb nomlanishi ham insonni hurmat qilish davlat siyosati darajasidagi masala ekanligini anglatadi. Shuningdek, so‘nggi yillarda butun dunyo aholisi boshdan kechirgan tahlikali va sinovli kunlardan qolgan tajriba ham jamiyat vakillarini asrash, qadrlash hamda ularni jipslashtirish nechog‘lik muhimligini isbotladi. 

O‘zbekistonda ro‘y berayotgan siyosiy jarayonlar, amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar va qabul qilinayotgan qarorlarda inson qadrini himoya qilish tamoyillari, huquqiy asoslari o‘z aksini topgan. Darhaqiqat, xalqni rozi qilish, shaxs manfaatlarini kafolatlash va o‘zi tanlagan yo‘lida shaxdam bo‘lishi uchun barcha imkoniyatlarni taqdim etish orqaligina ularning daxldorlik hissini oshirish va davlatga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash mumkin.

Ishonch bilan aytish mumkinki, yurtimizda istiqomat qiluvchi barcha yoshu-keksa, ayol va erkak, jismoniy imkoniyati cheklanganlar, ishsizlar, amaldagi va bo‘lajak tadbirkorlar ham e’tiborda. Ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash asoslari hamda mexanizmi kundan kunga soddalashib, insonparvarlik tamoyillariga urg‘u berilmoqda.

Shu bilan birga, Yangi O‘zbekistonning 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasida mahallaning faol modelini joriy etish, aholi duch kelayotgan muammolariga yechim topish hamda hududni rivojlantirish uchun zarur resurs va imkoniyatlar bilan ta’minlash ko‘zda tutilgan. Insonning risoladagidek turmushi, oilalarning osoyishtaligi, o‘sib kelayotgan yosh avlodning sog‘lom ma’naviy muhitda kamolotga yetishi mahallada namoyon bo‘ladi. Boshqacha aytganda, mahalla fuqarolarning dunyoqarashini kengaytiruvchi, siyosiy-ijtimoiy ongi va intilishlarini ro‘yobga chiqaruvchi institut hisoblanadi. 

Islom madaniyati tajribasida ham insonga bo‘lgan munosabat qanday bo‘lishi kerakligi Qur’onda “Odam bolalarini ulug‘ladik” (17:75), deya qisqa va lo‘nda tarzda uqtirilganini ko‘rish mumkin.

Muxtasar qilib aytganda, insonni e’zozlash, uning manfaatlarini to‘liq himoya qilish va yorqin kelajagini ta’minlash – O‘zbekistonning asosiy e’tiborida bo‘lib, bugungi iqtisodiy-siyosiy sa’y-harakatlarning bosh maqsadi hisoblanadi. Shuningdek, shaxsni qadrlash prinsipiga asoslangan oqilona siyosat orqali yurtimizda azaliy sharqona odat zamonaviy bosqichga dadil olib chiqilmoqda. 

G‘.Sultonqulov,

Toshkent davlat yuridik universiteti o‘qituvchisi.

O‘zA