Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Shaxmatchilarimizda jahon chempionati sovrindori bo‘lish imkoniyati saqlanib turibdi
09:40 / 2025-12-28

Qatar poytaxti Doha shahrida ayollar hamda erkaklar o‘rtasida rapid va blits yo‘nalishlarida davom etayotgan FIDE jahon chempionati musobaqasida hamyurtimiz Nodirbek Abdusattorov amaldagi jahon chempioni Dommaraju Gukeshni mag‘lubiyatga uchratdi.

Jahon chempionatining ikkinchi kungi rapid musobaqasida yana 4 ta tur uchrashuvlari ortda qoldi.

E’tiborli jihati, unda Nodirbek Abdusattorov 4 ta partiyadan 3 tasida g‘alaba va 1 tasida durangga erishdi.

9-turda qora donalarda harakatlangan Abdusattorov amaldagi jahon chempioni hindistonlik Dommaraju Gukesh bilan ro‘baro‘ keldi. Qiziqarli kechgan bahsning 53-yurish vaziyatida Hind shaxmatchisi taslim bo‘lganini tan oldi.

Bu, Nodirbekning 7 ochko bilan qo‘shimcha ko‘rsatkichlarga ko‘ra, 6-o‘ringa ko‘tarilishini ta’minladi.

Ortda qolgan bellashuvlardan so‘ng FIDE bayrog‘i ostida o‘ynayotgan rossiyalik Vladislav Artamev va  AQSH vakili Xans Niyemann 7,5 ochko bilan peshqadamlik qilmoqda. FIDE reytingi yetakchisi Magnus Karlsen 7 ochko bilan qo‘shimcha ko‘rsatkichlar evaziga 3-o‘rinni band etgan bo‘lsa, keyingi pog‘onalarda 7 ochkoli serbiyalik Aleksey Sarana hamda turkiyalik Yagiz Erdogmus bormoqda.

Joriy yilgi jahon kubogi g‘olibligiga erishgan mahoratli shaxmatchimiz Javohir Sindorov 9 imkoniyatdan 6,5 ochko jamg‘argan holda qo‘shimcha ko‘rsatkichlar hisobiga 12-o‘rindan joy olgan.

Shuningdek, terma jamoamiz a’zolaridan Muhiddin Madaminov va Nodirbek Yoqubboyev hisobida 5,5, Xumoyun Bekmurotovda 4,5, Muhammadzohid Suyarovda 4 ochko bor.

Rapid musobaqalarining ayollar guruhida qatnashayotgan shaxmatchi qizlarimizdan Afruza Hamdamova 8 imkoniyatdan 6 ochko jamg‘arib, 141 nafar ishtirokchi orasida qo‘shimcha ko‘rsatkichlarga ko‘ra, 12-qatorda joylashgan. Gulruhbegim Tohirjonovada 5,5, Umida Omonovada 4,5, Guldona Karimova va Madinabonu Xalilovada 3,5, Nilufar Yoqubboyevada 3 ochko mavjud.

Ayollar musobaqasida xitoylik Chju Sziner va hindistonlik Xampi Koneru 6,5 ochko bilan yetakchilik qilmoqda.

Bugun, 28 dekabr kuni jahon chempionati rapid musobaqalarining so‘nggi o‘yinlari o‘tkaziladi. Mazkur bahslarda ochiq turnirda qatnashayotganlar 10-13-turlarda kuch sinashish orqali chempionni aniqlasa, ayollar guruhida o‘tadigan 9-10-tur kurashlari yilning g‘olib va sovrindorlari nomini aniqlab beradi.

Voqealar rivojidan kelib chiqib aytish mumkinki, ochiq bahslarda ishtirok etayotgan shaxmatchilarimizdan Nodirbek Abdusattorov va Javohir Sindorovda, ayollar guruhida Afruza Hamdamovada jahon chempionati sovrindori bo‘lish imkoniyati saqlanib turibdi.

Muhimi, so‘nggi kungi tur o‘yinlarida kuchlilarni yengishga salohiyati yetarli bo‘lgan hamyurtlarimiz bahslarda qat’iyat va sovuqqonlik bilan dona sursa chempionlik yo‘lidagi omad quyoshi charaqlashi shubhasiz.

To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA