Buyuk Britaniyaning London shahrida shaxmatning rapid va blits yo‘nalishlari bo‘yicha poyoniga yetgan jamoalar o‘rtasidagi jahon chempionati muxlislarga “aql gimnastikasi”ning olam-olam zavqini tuhfa etgan bo‘lsa, ishtirokchilar uchun nufuzli turnirlar oldidan katta tajriba, mahorat maydoni bo‘ldi.
Kecha chempionatning so‘nggi kunida blits yo‘nalishida 1/8 final o‘yinlari bilan boshlangan bahslarda 16 ta jamoa sovrinli o‘rinlar yo‘lidagi kurashni davom ettirdi.

Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindorov, Rustam Qosimjonov, Nodirbek Yoqubboyev, Gulruhbegim Tohirjonova, Nilufar Imomqo‘ziyeva, Afruza Hamdamova, Shamsiddin Vohidovdan iborat “Uzbekistan” jamoasi 1/8 finalning ilk o‘yinini Qozog‘istonning Barys.kz (https://barys.kz/) jamoasiga qarshi o‘tkazdi hamda ikkita qarama-qarshilik natijasiga ko‘ra, 1/4 final bosqichiga chiqdi. Ushbu bosqichda hamyurtlarimiz Nihal Sarin yetakchiligidagi Isroilning “Ashdod Elit Chess” jamoasidan ustun (3:3, 5:1) keldi.

1/2 finalda Aleksandr Grishuk boshchiligidagi Qozog‘istonning “KazChess” jamoasiga ro‘baro‘ keldi. Ilk o‘yinda 3:3 hisobida murosa yo‘li tanlandi. Ikkinchi bahsda 4:2 hisobida qo‘shnilarimiz ustunlikka ega bo‘ldi va final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
Hamyurtlarimiz 3-o‘rin uchun Levon Aronyan yetakchiligidagi “Hexamind” jamoasi bilan kuch sinashdi. “Hexamind”ga qarshi kechgan o‘yinning har ikki partiyasida 2,5:3,5 hisobida imkoniyat boy berilib, 4-o‘rin bilan kifoyalandi.

Chempionatda 116 nafar grossmeysterni jamlagan 52 ta jamoa orasida “Uzbekistan” rapid va blits yo‘nalishlarida 4-o‘rinni egallashi o‘ziga xos ko‘rsatkich bo‘lganini ta’kidlash lozim.
Musobaqalar yakunlariga ko‘ra, shaxmatchilarimiz rapid bahslaridan 30 ming, blits yo‘nalishidagi ishtiroki orqali 50 ming miqdoridagi mukofot bilan taqdirlandi.
Jahon chempionati yakunlariga ko‘ra, “WR Chess” jamoasi chempionlikka erishgan bo‘lsa, “KazChess” jamoasi kumush, “Hexamind” jamoasi bronza medaliga ega bo‘ldi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA