Shaxmatchilarimiz jahon kubogining 3-bosqichida
Hindistonning Goa shahrida shaxmat bo‘yicha davom etayotgan jahon kubogi musobaqalarining ikkinchi bosqich 2-tur o‘yinlari tay-brek bahslarida hamyurtimiz Nodirbek Abdusattorov qozog‘istonlik Denis Maxnevni, Shamsiddin Vohidov ispaniyalik Maksim Chigayevni mag‘lub etib, bir kun muqaddam 3-bosqichga yo‘l olgan Javohir Sindorov va Nodirbek Yoqubboyev qatoriga qo‘shildi.
Bugun, 7 noyabr kuni jahon kubogining 3-bosqichida 32 ta juftlik keyingi bosqichga chiqish yo‘lidagi ilk o‘yinlarda ro‘baro‘ keladi.

Ular qatoridan joy olgan hamyurtlarimiz Shamsiddin Vohidov hindistonlik Arjun Erigaisi bilan bahslarga kirishsa, Nodirbek Abdusattorov meksikalik Xose Martinez qarshiligini yengishga harakat qiladi. Shuningdek, Javohir Sindorov germaniyalik Nikolas Teodoru bilan, Nodirbek Yoqubboyev Chexiya sharafini himoya qilayotgan Van Nguyen bilan kuch sinashadi.

Eslatib o‘tamiz, jahon kubogi dasturiga muvofiq bugun va ertaga 3-bosqichning 1 va 2-tur o‘yinlari o‘tkaziladi.
Mukofot jamg‘armasi 2 million AQSH dollaridan iborat jahon kubogi 26 noyabrga qadar davom etadi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA