Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Shaxmatchilarimiz Hindistonda jahon chempionati yo‘llanmasi uchun kurashmoqda
18:25 / 2022-10-31

Hindistonning Nyu-Dehli shahrida shaxmat bo‘yicha kattalar o‘rtasida davom etayotgan Osiyo chempionatining 5-tur bellashuvlari ortda qoldi.

Qit’aning 13 ta mamlakatidan 140 nafar shaxmatchi, jumladan 31 nafar grossmeyster, 46 nafar xalqaro toifadagi sport ustasi, 14 nafar ayol grossmeyster va 17 nafar xalqaro toifadagi ayol shaxmatchilar to‘qqiz kunlik bahslarda Osiyo chempionlarini aniqlash uchun bahslashmoqda.

Mazkur qit’a chempionati kelgusi yilgi jahon chempionati uchun saralash vazifasini o‘tashi sababli unga qiziqish juda yuqori. Musobaqa ishtirokchilari orasidan eng yaxshi ko‘rsatkichga erishgan to‘rt nafar erkak va ikki nafar ayol shaxmatchi kelgusi yilgi jahon chempionatida qatnashish huquqini qo‘lga kiritadi.

Bugungacha o‘tgan o‘yinlar natijasiga ko‘ra, erkaklar o‘rtasida Butunjahon shaxmat olimpiadasi g‘olibi Shamsiddin Vohidov 5 ta imkoniyatdan 4 ochko jamg‘argan holda 8-o‘rinda bormoqda. Hamyurtimiz musobaqa peshqadami Xarsha Baratxakotidan yarim ochko ortda qolmoqda.

Chempionatda qatnashayotgan Ortiq Ne’matov 3 ochko bilan 24-o‘rinni, Abdumalik Abdusalimov 2,5 ochko bilan 54, Saidakbar Saidaliyev esa 2 ochko bilan 55-o‘rindan joy olgan.

44-shaxmat olimpiadasining yana bir chempioni bo‘lgan vakilimiz Nodirbek Yoqubboyev va yosh shaxmatchimiz Bobir Sattorov 2 ochko bilan 71 va 72-o‘rinlarda qayd etilgan.

Chempionatning ayollar ishtirokidagi bahslarida qatnashayotgan yagona shaxmatchi qizimiz Nilufar Yoqubboyeva 4 ochko qo‘lga kiritgan tarzda 3-o‘rinda bormoqda.

Chempionatning 6-turida Shamsiddin Vohidov turkmanistonlik Maksat Atabayev bilan bahslashadi.

T.Ro‘ziyev, O‘zA