Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Shaxmatchilarimiz g‘alabasi
17:11 / 2014-08-08

Norvegiyaning Tromsyo shahrida davom etayotgan jahon shaxmat olimpiadasida o‘zbekistonlik shaxmatchilar munosib qatnashmoqda.

Norvegiyaning Tromsyo shahrida davom etayotgan jahon shaxmat olimpiadasida o‘zbekistonlik shaxmatchilar munosib qatnashmoqda.

Dunyoning 170 ga yaqin mamlakatidan 2000 nafardan ziyod shaxmatchi ishtirok etayotgan nufuzli musobaqaning beshinchi turida O‘zbekiston erkaklar va xotin-qizlar terma jamoasi a’zolari g‘alaba qozondi.

Erkaklar o‘rtasidagi bahslarda terma jamoamiz a’zolari ukrainalik shaxmatchilarni 2,5:1,5 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi. Musobaqada birinchi taxtada o‘ynayotgan terma jamoamiz yetakchisi Rustam Qosimjonov Vasiliy Ivanchukni yengdi. Xalqaro toifadagi sport ustasi Jahongir Vohidov Anton Korobovni mot qilgan bo‘lsa, Anton Filippov Ruslan Ponomaryov bilan durang o‘ynadi.

Terma jamoamiz a’zolari 4 g‘alaba va 1 durang bilan musobaqa jadvalida oltinchi o‘rinda bormoqda. Ular oltinchi turda rossiyalik shaxmatchilar bilan bahslashadi.

Xotin-qizlar musobaqasida terma jamoamiz a’zolari braziliyalik shaxmatchilar ustidan 3,5:0,5 hisobida g‘alaba qozondi. Hamyurtlarimizdan Irina Gevorgyan Juliana Sayumi Teraoni, Sevara Boymurodova Rejina Ribeyroni, Mohinur Qahramonova Suzana Changni mag‘lub etgan bo‘lsa, Sarvinoz Qurbonboyeva Vanessa Felichiano Ebert bilan durang o‘ynadi. Oltinchi turda shaxmatchilarimiz uelsliklar bilan kuch sinashadi.