Shu kunlarda Tailandning Bangkok shahrida shaxmat bo‘yicha 8–18 yoshgacha o‘g‘il bolalar va qizlar o‘rtasida Osiyo chempionati bahslari davom etmoqda.
32 mamlakatdan 700 nafar shaxmatchi ishtirok etayotgan bahslarda O‘zbekiston terma jamoasining 36 nafar a’zosi o‘z yosh toifalarida dona surmoqda.

Aytish lozim, mazkur qit’a chempionatida joriy yil yanvar–fevral oylarida 8–18 yoshgacha bo‘lganlar o‘rtasida o‘tkazilgan O‘zbekiston chempionatining standart yo‘nalishida kamida 2-o‘rinni egallagan iqtidor egalari vatanimiz sharafini himoya qilmoqda.

Yana bir e’tiborli jihat, Bangkok bahslarida 1-, 2-, 3-o‘rinlarni egallagan, shuningdek belgilangan reyting talablarini bajargan ishtirokchilarga Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) tomonidan tegishli unvonlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri taqdim etiladi.

Eslatib o‘tamiz ushbu yosh toifasi bo‘yicha o‘tgan yili Qozog‘istonda tashkil etilgan qit’a chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari 3 ta medalni qo‘lga kiritgan edi.
Musobaqalar 30 noyabrga qadar davom etadi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA