Shu kunlarda Malayziyaning Kuala-Lumpur shahrida yosh shaxmatchilar ishtirokida “20th Malaysian Chess Festival” xalqaro musobaqasi bo‘lib o‘tmoqda.
23 ta mamlakatning ming nafardan ziyod iqtidorli shaxmatchi yoshlari turli yosh toifalari va guruhlaridagi musobaqalarda dona surayotgan turnirda O‘zbekiston yoshlar terma jamoasining 4 nafar a’zosi g‘oliblik uchun kurash olib bormoqda.

Xalqaro turnirning kecha poyoniga yetgan jamoalar musobaqasida Nilufarxon Imomqo‘ziyeva, Marjona Malikova va Asal Salimovadan iborat ”UZBEK GIRLS” vakillari 9 ta turdan iborat bahslarda 5 ta g‘alaba, 1 ta durang, 3 ta mag‘lubiyat bilan 93 ta jamoa orasida 19-o‘rinni egalladi.
Turnirning yakkalik “open” bahslarida qatnashayotgan shaxmatchilarimizdan N.Imomqo‘ziyeva 2 ta tur yakunlariga ko‘ra, 1,5 ochko bilan yetakchilikka da’vogarlik qilayotgan bo‘lsa, A. Salimova 1, M.Malikova 0,5 ochko bilan harakatlanmoqda.
Bugun, 17 sentyabr kuni turnirning 3-turida N.Imomqo‘ziyeva qora donalarda, A.Salimova oq donalarda malayziyaliklar bilan, M.Malikova oq donalarda yaponiyalik shaxmatchi bilan kuch sinashadi.
Turnir 21 sentyabrga qadar davom etadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA