Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Shaxmatchi qizlarimiz jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi
22:43 / 2025-11-03

Boku shahrida O‘zbekiston va Ozarbayjon ayollar terma jamoalari o‘rtasida jamoaviy jahon chempionati yo‘llanmasi uchun o‘tkazilgan bahslar yurtimiz vakilalari uchun omadli kechdi.

To‘rtta partiyadan iborat matchda O‘zbekiston ayollar terma jamoasi a’zolari mehmon sifatida dona surgan bo‘lsalar-da, ozarbayjonlik raqiblarini 2,5:1,5 hisobida mag‘lub etishdi.

Shu tariqa, shaxmatchi qizlarimiz joriy yilning 17–24 noyabr kunlari Ispaniyaning Linares shahrida bo‘lib o‘tadigan ayollar o‘rtasidagi jamoaviy jahon chempionatida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.

Bellashuvlar davomida terma jamoa a’zolaridan Afruza Hamdamova 2 ta g‘alaba, Gulruhbegim Tohirjonova 1 ta g‘alaba va 3 ta durang, Guldona Karimova 1 ta g‘alaba va 2 ta durang, Umida Omonova esa 2 ta g‘alaba hamda 2 ta durang natijasini qayd etdi.

Ma’lumki, milliy ayollar terma jamoalari o‘rtasidagi jamoaviy jahon chempionati 2007 yildan buyon o‘tkazib kelinadi. Bu yilgi musobaqada 12 ta jamoa ishtirok etadi.

Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) tasdiqlagan taqvimga ko‘ra, chempionatda 2023 yilgi yarim finalchilar — AQSHning Jorjiya shtati jamoasi, Fransiya, Qozog‘iston, AQSH, shuningdek har bir qit’aning eng kuchli milliy terma jamoalari — Xitoy (Osiyo), Ukraina (Yevropa), Peru (Amerika) va Misr (Afrika), shuningdek reyting bo‘yicha dunyoning yetakchi jamoalari — Hindiston va FIDE jamoasi, hamda mezbon Ispaniya jamoasi ishtirok etadi.

Ular safiga ilk bor O‘zbekiston ayollar terma jamoasining qo‘shilishi — yurtimiz shaxmat maktabining xalqaro maydonda barqaror o‘sishi va jamoaviy ruhining yorqin namoyoni bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Eslatib o‘tamiz, mazkur jahon chempionatida 12 ta jamoa 2 ta guruhga bo‘lingan holda bahs olib boradi.

To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA