Bugun, 25 oktyabr kuni Gretsiyaning Rodos shahrida o‘tayotgan ayollar o‘rtasidagi “29-Yevropa shaxmat klublari kubogi” musobaqasining so‘nggi tur o‘yinlari bo‘lib o‘tadi.
Mazkur nufuzli musobaqada O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari Asal Salimova, Gulruhbegim Tohirjonova va Marjona Malikova Serbiyaning “SK Zmaj” jamoasi safida dona surmoqda.
Ortda qolgan 6 ta tur o‘yinlari natijasiga ko‘ra “SK Zmaj” jamoasi 2 ta g‘alaba, 2 ta durang va 2 ta mag‘lubiyat qayd etdi.

Turnir jadvalida jahon kubogi g‘olibi Aleksandra Goryachkina, 2024 yilgi Butunjahon shaxmat olimpiadasi g‘olibi Deshmukx Divya, 12-jahon chempioni Aleksandra Kostenyuk, Yevropa chempioni Alina Kashlinskaya, Germaniya chempioni Elizabet Petsni tarkibida jamlagan Polshaning “Cercle d’échecs de Monte-Carlo “ jamoasi 12 ochko bilan yetakchilik qilmoqda.
Bugun mukofot jamg‘armasi 14 ming yevrodan iborat nufuzli musobaqaning so‘nggi, 7-turida Asal Salimova, Gulruhbegim Tohirjonova va Marjona Malikova dona surayotgan “SK Zmaj” jamoasi Gretsiyaning “Ippotis Rhodes chess club” bilan kuch sinashadi.

T.Ro‘ziyev, O‘zA