Ispaniyaning Linares shahrida shaxmat bo‘yicha davom etayotgan “FIDE Women’s World Team Championship-2025” musobaqasining guruh bosqich o‘yinlari yakunlandi.
Kecha chempionatning so‘nggi 5-tur bahsida O‘zbekiston ayollar terma jamoasi Hindiston jamoasi bilan kuch sinashdi va murakkab kechgan o‘yinda hamyurtlarimiz raqiblariga 1,5:2,5 hisobida imkoniyatni boy berdi.

O‘tkazilgan uchrashuvlarda shaxmatchi qizlarimizdan faqat 4-taxtada harakatlangan Madinabonu Xalilova qora donalarda Hindiston vakili Seshadri Srijaga yutqazib qo‘ydi.
Shunday bo‘lsa-da, bir kun muqaddam Ukraina va Fransiya jamoalarini mag‘lub etgan O‘zbekiston ayollar jamoasi guruhda kuchli to‘rtlikdan joy olgan holda chorak final bosqichiga yo‘l oldi.

Aytish lozim, Afruza Hamdamova, Gulruhbegim Tohirjonova, Umida Omonova, Guldona Karimova va Madinabonu Xalilova O‘zbekiston terma jamoasi safida harakatlanishi qayd etilgan.
Biroq, Afruza Hamdamovaning Ispaniya davlatiga kirishi bilan bog‘liq viza masalasidagi muammolar sababli terma jamoamiz musobaqalarni yetakchi shaxmatchimiz ishtirokisiz o‘tkazdi.

Shunday vaziyatda ham o‘z iqtidorini namoyish etgan hamyurtlarimiz guruh bosqichida Yevropa chempioni Ukrainani, kuchli tarkibga ega Fransiyani dog‘da qoldirdi. Dunyoning eng nomdor jamoalari Xitoy va Hindiston bilan o‘tgan teng kurashda kichik hisobda(1,5:2,5) imkoniyatni boy berdi.
Bugun, 21 noyabr kuni chorak final o‘yinlari tashkil etiladi. Unda O‘zbekiston terma jamoasi rossiyalik bir qator yetakchi shaxmatchi qizlarni jamlagan FIDE jamoasiga qarshi o‘yin o‘tkazadi.
Eslatib o‘tamiz, chempionatning yarim final o‘yinlari ertaga, 22 noyabr, final bahslari esa 23 noyabr kuni bo‘lib o‘tadi.
To‘lqin Ro‘ziyev,
O‘zA