Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Shaxmat:Afruza Hamdamova Albaniyada chempionlik uchun kurashni davom ettirmoqda
13:28 / 2025-10-14

Albaniyaning Durres shahrida shaxmat bo‘yicha 14, 16 va 18 yoshgacha o‘g‘il va qiz bolalar o‘rtasida o‘tayotgan jahon chempionatining yakunlanishiga bir tur qolganda hamyurtimiz Afruza Hamdamova 18 yoshgacha bo‘lgan shaxmatchi qizlar orasida bahslarni mag‘lubiyatsiz davom ettirayotgan yagona ishtirokchi bo‘lib turibdi.

Ortda qolgan 9-tur bahsida Afruza Hamdamova qora donalarda gretsiyalik Aleksandri Dimitrani mag‘lubiyatga uchratib, 7 ochko bilan g‘oliblik yo‘lidagi harakatini davom ettirmoqda.  

Ushbu yosh toifasida yetakchilik qilayotgan xitoylik Muziyan Gao hisobida 7,5 ochko mavjud.

Bugun, 14 oktyabr kuni musobaqaning 10-tur o‘yinlari tashkil etiladi. Unda Hamdamova oq donalarda FIDE bayrog‘i ostida bahslarda qatnashayotgan Olga Karmanovaga qarshi dona suradi. Xitoylik shaxmatchi esa Yuliya Lyavonova(FIDE) bilan kuch sinashadi.

Aytish lozimki, 18 yoshgacha bo‘lgan qizlar musobaqasining 4-turida Afruza Hamdamova aynan Muziyan Gaoni taslim etgandi.

83 ta davlatning 717 nafar yosh shaxmatchilari qatnashayotgan chempionatda 18 yoshgacha bo‘lgan qizlar bahsida terma jamoamiz a’zolaridan Guldona Karimova 6,5 ochko bilan 5, Vasila Abdujabborova 5 ochko bilan 28, Zilola Aktamova 5 ochko bilan 33-o‘rinda bormoqda.

Jahon chempionatining 16 yoshgacha bo‘lgan qizlar musobaqasida qatnashayotgan hamyurtimiz Nilufarxon Imomqo‘ziyeva 6 ochko bilan 55 nafar ishtirokchi orasida 13-o‘rinda, 16 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il bolalar bahsida Asrorjon Omonov 6 ochkoga ega bo‘lgan holda 10-o‘rinni band etgan.

Eslatib o‘tamiz, jahon chempionatining so‘ngi 11-tur o‘yinlari ertaga, 15 oktyabr kuni tashkil etiladi.

T. Ro‘ziyev, O‘zA