Kolumbiyada 16 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar o‘rtasida Butunjahon shaxmat olimpiadasi mamlakatimiz shaxmatchilari uchun omadli kechdi.
Kecha dunyoning 40 ta mamlakatidan 340 nafar yosh shaxmatchilardan tashkil topgan 85 ta jamoa ishtirokidagi Butunjahon shaxmat olimpiadasining so‘nggi 9-tur o‘yinlari bo‘lib o‘tdi.

So‘nggi turda yosh shaxmatchilarimiz Italiya jamoasi bilan ro‘baro‘ keldi.
Humoyun Bekmurodov, Muhammadzohid Suyarov, Asrorjon Omonov, Afruza Hamdamovadan iborat terma jamoamiz Yevropa vakillarini 4:0 hisobida mag‘lub etishi ortidan 14 ochko jamg‘argan holda qo‘shimcha ko‘rsatkichlar hisobiga Butunjahon shaxmat olimpiadasining kumush medallarini qo‘lga kiritdi.

Kutilganidek, 8-turdayoq 16 ochko bilan 1-o‘rinni muddatidan avval egallagan “FIDE-1” 9-turda “FIDE-2” jamoasini 4:0 hisobida mag‘lub etdi va ochkolari sonini 18 taga yetkazdi. Olimpiadada 3-o‘rin hamyurtlarimiz singari 14 ochko jamg‘argan “Qozog‘iston-2” jamoasiga nasib etdi. Qardosh mamlakat vakillari oxirgi turda "Kolumbiya-1" jamoasini 2,5:1,5 hisobida taslim etdi.
Shu o‘rinda musobaqalar sarhisobiga e’tibor qaratsak. O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi o‘tkazilgan o‘yinlar mobaynida “Kolumbiya-1” jamoasini 4:0, “Peru-1”ni 4:0, “Ekvador-1”ni 3:1, “Qozog‘iston-2”ni 3:1, “FIDE-2”ni 3.5:0.5, Kanadani 3.5:0.5, Italiyani 4:0 ko‘rinishida yenggan bo‘lsa, "FIDE-1”ga 0.5:3.5 va Hindiston terma jamoasiga 1.5:2.5 ko‘rinishida imkoniyatni boy bergan edi.

Ta’kidlamoq kerakki, Kolumbiyada o‘tgan Butunjahon shaxmat olimpiadasiga qadar mamlakatimiz o‘smir shaxmatchilari 2019 yil (Turkiya) Butunjahon shaxmat olimpiadasida 1-o‘rinni, 2022 yilgi o‘yinlarda (Ozarbayjon) 2-o‘rinni egallagan.

Jahon o‘smirlari o‘rtasidagi olimpiadada uchinchi marta shohsupaga ko‘tarilish o‘z-o‘zidan yuz bergani yo‘q. Buning ortida davlatimiz tomonidan shaxmatga berilayotgan alohida e’tibor, murabbiy va mutaxassislarning tinimsiz mehnatlari mujassam.
Eng asosiysi, mamlakatimiz mustaqilligining 34 yillik shodiyonalari ostonasida yosh shaxmatchilarimizning Butunjahon shaxmat olimpiadasi kumush medallarini qo‘lga kiritgani yangi O‘zbekistonning yangi g‘alabalari bardavomligidan dalolat. Bu yurtimiz yoshlarining intellektual salohiyati yildan-yilga yuksalib borayotganining yana bir yorqin tantanasi bo‘ldi.
To‘lqin Ro‘ziyev,
O‘zA