Sirdaryo viloyatida professional shaxmatchilar o‘rtasida viloyat birinchiligi bo‘lib o‘tdi.
Intellektual bahs sifatida katta qiziqish uyg‘otgan mazkur musobaqada viloyatning shahar va tumanlaridan tashrif buyurgan 40 nafardan ortiq mahoratli shaxmatchilar ishtirok etdi. Har bir ishtirokchi nafaqat g‘alaba uchun, balki o‘z tajribasini boyitish va mahorat darajasini yanada oshirish maqsadida bellashdi.
[gallery-25307]
Shaxmat bahslari qizg‘in va murosasiz tarzda kechdi. Qizlar o‘rtasida boyovutlik iqtidorli shaxmatchi Malika Jumayeva barcha raqiblarini ortda qoldirib, munosib ravishda viloyat chempioni nomiga sazovor bo‘ldi. Yigitlar o‘rtasida esa gulistonlik Lazizbek Shavkatov chuqur strategiyasi va tezkor fikrlashi bilan alohida ajralib, birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
– Bu musobaqa men uchun katta tajriba maktabi bo‘ldi. Har bir raqib kuchli edi, ular bilan bellashish orqali yangi yo‘nalishlar va strategiyalarni o‘zlashtirdim. G‘alabam mening emas, ustozlarim va doim qo‘llab-quvvatlab turgan oilamniki hamdir. Kelgusida viloyatimiz sharafini respublika va xalqaro maydonlarda munosib himoya qilishga intilamiz, – deydi Lazizbek Shavkatov.
Tadbir yakunida g‘olib va sovrindorlarga Sirdaryo viloyati Yoshlar ishlari boshqarmasi tomonidan diplomlar hamda qimmatbaho esdalik sovg‘alari topshirildi. Musobaqa doirasida yoshlar o‘rtasida shaxmatga qiziqishni yanada kuchaytirish, ularni mantiqiy fikrlashga, irodali va sabr-toqatli bo‘lishga o‘rgatish muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi.
Eng muhimi, shaxmat sport turiga qiziqish viloyatda tobora ortib bormoqda. Mutasaddilarning ta’kidlashicha, bunday musobaqalarni tizimli ravishda o‘tkazish kelgusida respublika va xalqaro maydonlarda ham yuksak natijalarga erishish uchun mustahkam zamin yaratadi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri