Shaxmat: “Yosh yulduzlar-2025” g‘oliblari Toshkentda aniqlanadi
Poytaxtimizda shaxmat bo‘yicha “Yosh yulduzlar-2025” musobaqasi o‘tkazilmoqda. 12 yoshgacha o‘g‘il va qiz bolalar o‘rtasida tashkil etilayotgan musobaqalarda mamlakatimizning turli hududlaridan yuzlab mahoratli yosh shaxmatchilar dona surmoqda.
Turnir doirasida poytaxtimizdagi Xalqaro shaxmat akademiyasida musobaqalarda qatnashayotgan iqtidorli yosh shaxmatchilarning ota-onalari va murabbiylari bilan uchrashuv tashkil etildi.

Muloqot davomida ota-onalarning, murabbiylarning takliflari tinglandi. Mashg‘ulot xonalari, kommunikatsiya tizimlarini rivojlantirish masalalari, turnirlarda qatnashish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish borasidagi ishlar muhokama qilindi.

Fikr-mulohazalar asosida “Yosh yulduzlar” dasturining asosiy yo‘nalishlariga kiritilishi belgilandi.
“Yosh yulduzlar-2025” musobaqasi 14 noyabrga qadar davom etadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA