Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Shaxmat: Yoqubboyev jahon kubogining 5-bosqichida, Sindorov bugun tay-breykda bahs olib boradi
10:08 / 2025-11-13

Hindistonning Goa shahrida shaxmat bo‘yicha davom etayotgan jahon kubogi musobaqasining ortda qolgan 1/16 final bosqichi 2-tur uchrashuvlari yakuniga ko‘ra, 16 ta juftlik o‘yinlarining 5 tasida g‘alaba, 11 tasida murosa yo‘li tanlandi.

Muvaffaqiyatga erishgan besh nafar shaxmatchi qatorida hamyurtimiz Nodirbek Yoqubboyevning borligi e’tiborli bo‘ldi.

Iste’dodli shaxmatchimiz N.Yoqubboyev ushbu bosqichda hindistonlik Pranav bilan ro‘baro‘ keldi. 1/16 finalining 1-turida raqibi bilan durang qayd etgan hamyurtimiz 2-turda 20 yoshgacha bo‘lgan shaxmatchilar o‘rtasidagi jahon chempionatining amaldagi g‘olibi Pranavni 1:0 hisobida dog‘da qoldirishga muvaffaq bo‘ldi va 5-bosqich yo‘llanmasiga ega chiqdi.

Nodirbek singari meksikalik Xose Martines Alkantara, AQSH vakili Levon Aronyan, Germaniya sharafini himoya qilayotgan Aleksandr Donchenko va vetnamlik Le Kuang Liyem 2 ta tur yakuniga ko‘ra, jahon kubogining keyingi bosqichiga yo‘l oldi.

Jahon kubogining 1/16 final bosqichi 2-turida dunyoning yetakchi shaxmatchilari Praggnanandxa, Daniil Dubov, Richard Rapport, Arjun Erigaisi, Vinsent Keymer, Parxam Magsudlu, Anish Giri, Maksim Vashe-Lagravlar qatorida hamyurtimiz Javohir Sindorov raqibi bilan durangga erishdi.

Javohir Sindorov ushbu turda Xitoy vakili Yu Yang I bilan 1:1 hisobida durang natija qayd etdi.

Bugun, 13 noyabr kuni 1/16 final bosqichi 2 ta tur yakuniga ko‘ra, durangga erishganlar o‘rtasida tay-breyk musobaqalari o‘tkaziladi.

Eslatib o‘tamiz, mukofot jamg‘armasi 2 million AQSH dollaridan iborat jahon kubogining 5-bosqich bahslari 14-16 noyabr kunlari tashkil etiladi.

T.Ro‘ziyev,

O‘zA