Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Shaxmat: Yoqubboyev “Aktobe Open-2024” 9-turida Turkmaniston vakili bilan kuch sinashadi
14:00 / 2024-06-02

Bugun, 2 iyun kuni mukofot jamg‘armasi 100 ming AQSH dollaridan iborat “Aktobe Open-2024” turnirining so‘nggi 9-tur bahsida g‘oliblikka da’vogar 6 nafar shaxmatchi o‘zaro kuch sinashsa, hamyurtimiz Nodirbek Yoqubboyev qora donalarda turkmanistonlik Saparmurat Atabayev bilan kuchli 15 talikka kirish uchun ro‘baro‘ keladi.

Kecha, musobaqaning 8-turida Yoqubboyev belaruslik Mixail Nikitenkoga imkoniyatni boy berib qo‘ydi va g‘oliblikka da’vogarlar safidan chiqib ketdi. Yana bir shaxmatchimiz Muhammadzohid Suyarov ushbu turda qozog‘istonlik Sauat Nurgaliyevni mag‘lubiyatga uchratib, ochkolari sonini 4,5 taga yetkazib oldi.

9-tur oldidan turnir jadvalida eronlik Parham Maqsudlu 7 ochko bilan yakka peshqadamga aylanib oldi. 6 ochko jamg‘arishga muvaffaq bo‘lgan Aleksey Sarana, (Serbiya), Shant Sargsyan (Armaniston), Aleksandr Predke (Serbiya), Puranik Abhimanyu (Hindiston) va Mixail Nikitenko sovrinli o‘rinlarga egalik qilish huquqini saqlab qolishgan.

Turnirda qatnashayotgan 7 nafar shaxmatchi 5,5 ochko bilan kuchlilarni taqib etayotgan bo‘lsa, 5 ochkoga ega Nodirbek Yoqubboyev 13 nafar shaxmatchi qatorida 14-26-pog‘onalarda joylashib turibdi.

«Aktobe Open-2024»ning so‘nggi 9-turida Parham Maqsudluning qora donalarda serbiyalik Aleksey Sarana bilan kuch sinashishi g‘olibni aniqlashda muhim uchrashuv sanalsa, Atabayev-Yoqubboyev o‘yini kuchli o‘n beshtalikka loyiqni, FIDE bayrog‘i ostida musobaqada qatnashayotgan rossiyalik Aleksandr Rahmonov va Muhammadzohid Suyarov qarama-qarshiligi 30-25 talikka munosiblarni aniqlab beradi.

Eslatib o‘tamiz, Qozog‘istonda poyoniga yetib borayotgan mazkur turnirning 8-tur holatida Yoqubboyev hozircha 3 ta turda g‘alabaga, 4 tasida durangga va 1 tasida mag‘lubiyatga uchragan. Suyarov bo‘lsa, 3 tadan g‘alaba va durang, 2 ta mag‘lubiyat holatini qayd etgan.

T. Ro‘ziyev, O‘zA