O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida poytaxtimizdagi axborot vositalarida faoliyat ko‘rsatayotgan ijodkorlar o‘rtasida shaxmat bo‘yicha mamlakatimiz mustaqilligining 31 yilligiga bag‘ishlangan turnir tashkil etildi.
O‘zbekiston jurnalistlar uyushmasi Toshkent shahar bo‘limi va hamkor tashkilotlar ko‘magida tashkil etilgan turnir shvetsarcha tizimda 7 partiyadan iborat bo‘ldi. Unda 30 nafarga yaqin jurnalist va ijodkorlar sovrinli o‘rinlar uchun kurash olib bordi.

Shuningdek, mazkur musobaqalar doirasida talabalar turniri ham uyushtirildiki, bu, bo‘lg‘usi jurnalistlarda shaxmat sportiga bo‘lgan e’tiborni oshirdi.
Murosasiz bahslarning so‘nggi hisob-kitoblariga ko‘ra, 1-o‘rin “Qishloq hayoti” gazetasi bosh muharrir o‘rinbosari Habib Temirovga nasib etdi. 2-o‘rinni poytaxtimizdagi 54-maktab ma’naviyat targ‘ibotchisi Tal’at Primov egalladi. 3-o‘rin “Renessans TV" kanali muxbiri Suhrobjon Avvalboyevga nasib etdi.

Taniqli jurnalist, yozuvchi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Xurshid Do‘stmuhammad turnirda “Eng faol ishtirokchi” sifatida e’tirof etildi.
Bayramona tarzda o‘tgan musobaqalar jarayonida universitetda tahsil olayotgan talabalar bilan ustoz jurnalistlar dildan suhbatlashdi. Kasb mahoratining sir-asrorlari xususida fikrlashdi. Tadbir davomida sohir ovoz sohibi Shuhrat Daryo ijodkorlarga o‘z kuy-qo‘shiqlarini armug‘on etdi.

Musobaqalar yakunida g‘olib va sovrindorlar, bahslarda o‘z mahoratini namoyish etgan bir guruh ijodkorlar tashkilotchilar tomonidan medal, diplom va qimmatbaho esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Eng e’tiborlisi, turnirda g‘oliblikni tantana qilgan jurnalistlar diplom, medal, sovg‘alari qatorida musobaqa nizomiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan muomalaga kiritilgan 5 grammlik quyma oltin tangaga, 2 va 3-o‘rin sohiblari esa quyma kumush tangalarga musharraf bo‘lishdi.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA