Shu kunlarda poytaxtimizdagi Xalqaro shaxmat akademiyasida o‘tkazilayotgan “Toshkent kuzi – 2025” reytingli turnirning “A” guruhida ortda qolgan 8-tur o‘yinlaridan keyin 8 ochko jamg‘argan Shoakrombek Karimov 10 nafar ishtirokchi orasida yetakchilik qilmoqda.
Xalqaro turnirning “B” guruhida 133 nafar ishtirokchi orasida 7-tur o‘yinlari ostonasida 5,5 ochkoga ega hamyurtlarimiz Muhammaddiyor Mahammadaliyev va Said Usmon Shamsiddin yetakchiga aylanib oldi.


Musobaqaning “S” guruhida 119 nafar qatnashchilar ichida o‘zbekistonlik Ahror Islomov 5,5 ochko bilan peshqadamga aylangan vaziyatda 5 ochko to‘plagan 8 nafar ishtirokchi uni taqib etmoqda.

Bugun, 19 oktyabr kuni “Toshkent kuzi – 2025” turnirining “A” guruhida so‘nggi 9-tur o‘yinlari bo‘lib o‘tsa, “B” va “S” guruhlarida 7-tur bahslari o‘tkaziladi.

Xalqaro reyting ochkolari taqdim etadigan turnir 21 oktyabrga qadar davom etadi.

Eslatib o‘tamiz, “Toshkent kuzi – 2025” reyting musobaqasida mamlakatimiz vakillari bilan bir qatorda Rossiya, Qozog‘iston, Tojikiston vakillari dona surmoqda.
T.Ro‘ziyev, O‘zA