Jizzax shahridagi “Kibersport arena” majmuasida shaxmat bo‘yicha U10 hamda U16 yosh toifasidagi o‘g‘il-qizlar o‘rtasida o‘tkazilgan O‘zbekiston chempionatining standart yo‘nalishi bellashuvlari o‘z nihoyasiga yetdi.
16 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il bolalar o‘rtasida Sa’dullo Azizov birinchi o‘rindan joy olgan bo‘lsa, Muhammadsolih Rahmatullayev va Rauf Qosimov ikkinchi hamda uchinchi pog‘onani band etdi. Ushbu yoshdagi qizlar bahsida Sarvinoz Begmurotova, Mohinur Hikmatxonova hamda Liliya Belaya shohsupaga ko‘tarildi.

Shuningdek, 10 yoshgacha bo‘lgan shaxmatchilar o‘rtasida Nurmuhammad Ne’matillaxonov, Farrux Komiljonov, Shohjahon Siddiqov g‘olib va sovrindorga aylandi. Qizlar bahsida Madinabonu Asadova, Mohjahon Rahmonova va Nigina Xudoyberdiyeva oltin, kumush va bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Qayd etish joiz, mazkur chempionat yoshlar o‘rtasida shaxmatni ommalashtirish, iqtidorli sportchilarni saralash va xalqaro musobaqalar uchun munosib nomzodlarni aniqlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA