Hindistonning Goa shahrida shaxmat bo‘yicha dunyoning eng mahoratli shaxmatchilari ishtirokida davom etayotgan jahon kubogi musobaqalarining ikkinchi bosqich 2-tur o‘yinlari kutilgan va kutilmagan natijalarga boy bo‘ldi.
Biz uchun kutilgani Javohir Sindorov chernogoriyalik Nikita Petrovni 1,5:05, Nodirbek Yoqubboyev germaniyalik Niklas Xashimbentni 1,5:05 hisobida mag‘lub etdi.

Biroq ikki tur natijasiga ko‘ra, mahoratli shaxmatchimiz Nodirbek Abdusattorovning qozog‘istonlik Denis Maxnev bilan, Shamsiddin Vohidovning esa ispaniyalik Maksim Chigayev bilan durangga erishgani kutilmagan natija ko‘rinishini oldi.
Jahon kubogining ikkinchi bosqich 2-tur o‘yinlarida dunyoning eng tajribali shaxmatchilari sanalgan Yan Nepomnyaiy, Uesli So, Rey Robson, Vasiliy Ivanchuk, Devid Navara va Yoxan-Sebastyan Kristiansen kabi bir qator taniqlilar ilk turlar sarhisobiga ko‘ra, jahon kubogi musobaqalari bilan xayrlashdi.

Hamyurtimiz Nodirbek Abdusattorov singari FIDE reytingida kuchlilar safida borayotgan hindistonlik Praggnanandxaa, Santosh Gudjrati Vidit, Shaxriyor Mamed’yarov, Xans Moke Nimann kabilar ham ortda qolgan ikkinchi bosqich 2-tur o‘yinlarida raqiblari bilan durangga erishdi.

Bugun, 6 noyabr kuni jahon kubogi 1/64 final bosqichida raqiblari bilan murosa yo‘lini tanlaganlar qatorida hamyurtlarimiz Nodirbek Abdusattorov va Shamsiddin Vohidov tay-brek musobaqalarida dona suradi.
O‘yinlar natijasiga binoan 27 nafar juftlik o‘rtasida tay-brek bahslari bo‘lib o‘tadi.
Eslatib o‘tamiz, mukofot jamg‘armasi 2 million AQSH dollaridan iborat jahon kubogining g‘olib va sovrindorlari 26 noyabrda aniqlanadi.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA