Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Shaxmat: Sindorov Germaniyada Magnus Karlsen bilan ro‘baro‘ kelishi mumkinmi?
15:00 / 2025-04-20

Germaniyada shaxmat bo‘yicha davom etayotgan “Grenke Freestyle Chess Open” xalqaro turnirining ortda qolgan 5 ta tur o‘yinlaridan keyin FIDE reytingi yetakchisi norvegiyalik Magnus Karlsen 5 ochko bilan yetakchiga aylanib oldi.

Xo‘sh, shunday vaziyatda Germaniya bahslarida qatnashayotgan hamyurtimiz Sindorov ushbu turnirda Karlsen bilan to‘qnash kelishi mumkinmi?

Albatta, mumkin. Faqat turnir davomidagi o‘yinlarda omad Javohirga kulib boqsa, mazkur “duel” ro‘y berishi haqiqatga yaqin.

Turnir tafsilotlariga to‘xtaladigan bo‘lsak, norvegiyalik sobiq jahon chempionini taqib etayotgan 7 nafar grossmeysterlar: gruziyalik Baadur Djobava, germaniyalik Mattias Blyubaum, serbiyalik Aleksey Sarana, AQSHlik Avonder Lyan, eronlik Parxam Maqsudlu, litvalik Paulyus Pultinevichus va hindistonlik Leon Lyuk Mendonsa hisobida 4,5 ochko mavjud.

Turnirni katta ishtiyoq bilan boshlagan hamyurtimiz Javohir Sindorov kecha o‘tkazilgan 3-turda durangga erishgan bo‘lsa, 5-turda imkoniyatni boy berdi.

Aytish lozim, 4-turda hindistonlik Pranesh bilan kechgan o‘yinda Sindorov g‘alabaga erishishi ham mumkin edi. Bu, eng avvalo, Javohirning o‘yinni oq donalarda o‘tkazishi nazoratni o‘z qo‘lida ushlab turishiga ta’sir ko‘rsatishidan dalolatdek edi. Biroq, 9-yurish holatida o‘yin tizgini qaysidir ma’noda raqib tomonga o‘zgardi va 32-yurish vaziyatida shaxmatchilar murosa yo‘lini tanladi.

5-turda Sindorov qora donalarda  latviyalik Paulyus Pultinevichusga ro‘baro‘ keldi. Ushbu o‘yinda hamyurtimiz o‘zidan reyting jihatdan ancha pastda bo‘lgan shaxmatchi bilan kuch sinashayotganini his qilgan tarzda harakatlandi. Sindorovning haddan tashqari ishonchi esa 18-yurish holatidagi xatolikka olib keldi. Aynan shu nuqtadan boshlab donalarning joylashuv pozitsiyasida yutuq to‘laligicha oq donalar tomonga o‘tib ketdi. Bunday qulay vaziyatdan  latviyalik shaxmatchi unumli foydalandi.

Shu tarzda hamyurtimiz 5 ta tur o‘yinlaridan so‘ng 294 nafar ishtirokchi orasida 3,5 ochko bilan 61-pog‘onada bormoqda.

Aytish lozim, turnirda qatnashayotgan shaxmatchilarning 22 nafari 4, 43 nafari 3,5 ochkoga ega bo‘lib turibdi.

Sindorov bugun o‘tkaziladigan 6 va 7-turlarda munosib natijani qayd etsa, so‘nggi turlarning birida sobiq jahon chempioni Magnus Karlsen yoki g‘oliblikka da’vogarlardan sanalgan Aleksey Sarana, Parxam Maqsudlu, Fabiano Karuana kabi kuchlilardan biri  bilan to‘qnash kelishi ehtimoldan yiroq emas.

Bugun, 20 aprel kuni o‘tkaziladigan 6-tur bahsida Javohir Sindorov oq donalarda polshalik Machey Klekovskiga qarshi dona suradi. Polshalik shaxmatchi hozirda 3,5 ochko bilan qo‘shimcha ko‘rsatkichlarga ko‘ra, 49-qatorni band etgan.

9 turdan iborat turnirning yakuniy o‘yinlari ertaga, 21 aprel kuni bo‘lib o‘tadi.

T.Ro‘ziyev, O‘zA