Shu kunlarda Qatar poytaxti Doha shahrida ayollar hamda erkaklar o‘rtasida rapid va blits yo‘nalishida FIDE jahon chempionati bahslari davom etmoqda.
70 tadan ziyod davlatning 394 nafar shaxmatchisi ishtirok etayotgan jahon chempionatida O‘zbekiston terma jamoasining 14 nafar shaxmatchisi dona surayotgan musobaqalarning rapid yo‘nalishidagi bahslari poyoniga yetdi.

13 ta turdan iborat ochiq hamda 11 ta turni qamrab olgan ayollar o‘rtasidagi murosasiz bahslar natijasida g‘olib va sovrindorlar aniqlandi.
Ochiq bahslarda 9 ta g‘alaba, 3 ta durang, 1 ta mag‘lubiyat holatida 10,5 ochko jamg‘argan norvegiyalik Magnus Karlsen rapid yo‘nalishida jahon chempionligiga erishgan bo‘lsa, 2 va 3-o‘rinlarni 9,5 ochko jamg‘argan FIDE bayrog‘i ostida musobaqada qatnashgan rossiyalik Vladislav Artemev va hindistonlik Arjun Erigaisi egalladi.

Mahoratli shaxmatchilarimizdan Javohir Sindorov 13 imkoniyatdan 9 ochko jamg‘arib 7-o‘rin bilan, Nodirbek Abdusattorov esa 8,5 ochko evaziga qo‘shimcha ko‘rsatkichlar hisobiga 23-o‘rin bilan kifoyalandi.
Shuningdek, rapid musobaqalarida qatnashgan 247 nafar shaxmatchi orasida terma jamoamiz a’zolaridan Muhiddin Madaminov va Nodirbek Yoqubboyev 7,5 ochko bilan 65 va 71, Jahongir Vohidov, Humoyun Bekmuratov va Shamsiddin Vohidov 7 ochko bilan 96-99, Muhammadzohid Suyarov 6,5 ochko bilan 143-pog‘onalardan joy olishdi.

Chempionatning ayollar o‘rtasidagi bahslarda FIDE bayrog‘i ostida musobaqada qatnashgan Aleksandra Goryachkina 8,5 ochko bilan qo‘shimcha ko‘rsatkichlarga ko‘ra, g‘oliblikni tantana qildi. Keyingi o‘rinlarni egallagan Chju Sziner(Xitoy) va Xampi Koneru(Hindiston ham 8,5 ochko jamg‘arishga muvaffaq bo‘lishdi.

141 nafar shaxmatchi xotin-qizlar qatnashgan kurashlarda O‘zbekiston ayollar terma jamoasi a’zolaridan Afruza Hamdamova 7 ochko bilan 22-o‘rinni, Gulruhbegim Tohirjonova 6,5 ochko bilan 31-pog‘onani band etdi.
Bugun, 29 dekabr kuni blits yo‘nalishidagi musobaqalarga start beriladi.

Kun davomida ochiq musobaqalarda 1-13 tur musobaqalari, ayollar guruhida esa 1-10 tur o‘yinlari tashkil etiladi.
Ertaga jahon chempionatining so‘nggi kunida ochiqda qolgan 14-19-turlar, yarim final va final o‘yinlari, ayollar guruhida 11-15-turlar hamda yarim final va final uchrashuvlari bo‘lib o‘tadi.
Eslatib o‘tamiz, jahon chempionatining umumiy mukofot jamg‘armasi 1 million yevrodan iborat etib belgilangan.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA