Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Shaxmat: “Qonaev CUP-2025” turnirida hamyurtlarimiz dona surmoqda
10:06 / 2025-08-06

Shu kunlarda Qozog‘istonning Olmaota shahrida shaxmat bo‘yicha o‘tkazilayotgan “Qonaev CUP-2025” xalqaro turnirida 19 davlatning 260 nafardan ziyod shaxmatchilari qatorida 5 nafar shaxmatchimiz ham g‘oliblik yo‘lida kurash olib bormoqda.

Mukofot jamg‘armasi 100 ming AQSH dollaridan iborat turnir “Masters”, “Challengers” va “Open” guruhlarida tashkil etilmoqda.

“Masters” guruhida 62 nafar shaxmatchi qatorida umidli yoshlarimiz Humoyun Bekmurodov va Muhammadzohid Suyarov dona surayotgan bo‘lsa, “Challengers” guruhida 83 nafar qatnashchi orasida hamyurtlarimiz Aleksey Barsov, Azamat Daurimbetov va Miraziz Matyoqubov raqobatga kirishgan.

Kecha xalqaro turnirning o‘tkazilgan 1-tur o‘yinlarida shaxmatchilarimizdan Humoyun Bekmurodov va Muhammadzohid Suyarov “Masters” guruhida durangga erishgan bo‘lsa, “Challengers” guruhidagi barcha vakillarimiz g‘oliblikni tantana qildi.

Bugun, 6 avgust kuni “Qonaev CUP-2025”ning 2-tur o‘yinlarida Humoyun Bekmurodov qozog‘istonlik Yergali Suleyman bilan, Muhammadzohid Suyarov yana bir qozog‘istonlik Ayaulim Kaldarova bilan kuch sinashadi.

“Challengers” guruhining dastlabki tur o‘yinida omadi chopgan Aleksey Barsov qora donalarda qozog‘istonlik Isabek Tanikinni sinovdan o‘tkazsa, Azamat Daurimbetov Shingis Boran, Miraziz Matyoqubov esa Rizat Ulan qarshiligini yengishga harakat qiladi.

Musobaqalar 12 avgustga qadar davom etadi.

T.Ro‘ziyev,

O‘zA