Shaxmat: Prezidenti sovrini uchun IV Xalqaro shaxmat turniri o‘tkaziladi
O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi poytaxtimizdagi Xalqaro shaxmat akademiyasida dekabr oyida yilning eng yirik va nufuzli musobaqasi - Prezident sovrini uchun IV Xalqaro shaxmat turniri tashkil etilishi to‘g‘risidagi xabarni e’lon qildi.
Umumiy mukofot jamg‘armasi 80 ming AQSH dollaridan iborat turnir "Masters", "Open-A" va "Open-B" guruhlarida tashkil etilishi belgilangan.
Joriy yilning 3–13 dekabr kunlari o‘tkaziladigan mazkur musobaqa nizomiga muvofiq, "Masters" guruhida FIDE reytingi 2600 va undan yuqori bo‘lgan shaxmatchilar, shuningdek O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi tomonidan tanlab olingan ishtirokchilar, “Open-A” guruhida FIDE reytingi 1800 va undan yuqori bo‘lganlar hamda “Open-B” guruhida reytingi 1899 gacha bo‘lgan ishtirokchilar dona surishi mumkin bo‘ladi.
Turnir nafaqat yurtimiz, balki butun mintaqadagi eng kuchli shaxmatchilarni bir maydonga to‘playdi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA