Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Shaxmat: “Prezident kubogi”ning g‘olib va sovrindorlari taqdirlandi
10:58 / 2025-12-13

Poytaxtimizdagi Xalqaro shaxmat akademiyasida 9 kun mobaynida qiziqarli bahslari bilan “aql gimnastikasi” ishqibozlari e’tibor markazida bo‘lgan “Prezident kubogi”ning g‘olib va sovrindorlari aniqlandi.

Mukofot jamg‘armasi 80 ming AQSH dollaridan iborat turnirda 16 ta davlatning 354 nafar shaxmatchisi “Masters”, “A” va “B” guruhlarida g‘oliblik uchun kurash olib bordi.

“Masters” guruhida Armaniston, Germaniya, Gretsiya, Fransiya, Hindiston, Rossiya, Eron, Ukraina va O‘zbekistonning 3 nafardan mahoratli shaxmatchisi dona surgan bo‘lsa, “A” guruhida Ozarbayjon, Vetnam, AQSH, Hindiston, Eron, Turkmaniston, Tojikiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Mo‘g‘uliston, O‘zbekiston, “B” guruhida Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, O‘zbekiston shaxmatchilari o‘z omadini sinab ko‘rdi.

9 ta turdan iborat turnirning “Masters” guruhida hindistonlik Nihal Sarin 7 ochko jamg‘argan holda 1-o‘rin va 7 ming AQSH dollariga ega chiqqan bo‘lsa, 2-va 3-o‘rinlarni hamda tegishli pul mukofotlarini 5 ochko jamg‘argan hamyurtlarimiz Muhiddin Madaminov va Shamsiddin Vohidov qo‘lga kiritdi.

Shu o‘rindan aytish lozimki, turnir g‘olibligiga erishgan Sarin musobaqalar davomida faqat bir marta mag‘lubiyatga uchradi. Terma jamoamiz a’zosi Muhiddin Madaminov 6-turda musobaqada birinchi raqamda tasniflangan Nihalni mag‘lubiyatga uchratgan edi.

To‘rtinchi marta tashkil etilgan “Prezident kubogi” musobaqasining “A” guruhida qozog‘istonlik Abdilxayr Abilmansur 123 nafar ishtirokchi orasida 7,5 ochko jamg‘argan holda oltin medal va 6 ming AQSH dollari bilan taqdirlandi. Ikkinchi, uchinchi o‘rinlar Vetnam va eronlik shaxmatchilarga nasib etdi. Ushbu guruhda qatnashgan o‘zbekistonlik 74 nafar ishtirokchi orasida Akbarali Abdulhakimov 7 ochko bilan qo‘shimcha ko‘rsatkichlarga ko‘ra, 4-o‘rindan joy oldi.

Turnirning “B” guruhida o‘zbekistonlik Sulton Pardayev 150 nafar ishtirokchi orasida 8 ochko bilan g‘oliblikni tantana qildi va 2 ming AQSH dollariga ega chiqdi. 2-o‘rin 8 ochko jamg‘argan yana bir shaxmatchimiz Shohjahon Mamatsaloyevga tegishli bo‘ldi. 3-pog‘onani 7,5 ochkoga ega chiqqan rossiyalik Andrey Belov band qildi.

To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA