Poytaxtimizda shaxmat bo‘yicha davom etayotgan “Prezident kubogi” bahslarining 5-tur bahslari ortda qolgan vaziyatda turnirning “Masters” guruhida birinchi raqam ostida saralangan hindistonlik Nihal Sarin 4 ochko bilan peshqadamlik qilmoqda.
Mazkur guruhda dona surayotgan hamyurtlarimiz Shamsiddin Vohidov va Muhiddin Madaminov 5-turda ro‘baro‘ keldi va murosa yo‘lini tanlashi natijasida 3,5 ochko bilan 2 va 3-o‘rinlarda harakatlanmoqda.

Mukofot jamg‘armasi 80 ming AQSH dollaridan iborat turnirning “A” guruhida 123 nafar shaxmatchi dona surmoqda. Ushbu guruhda eronlik Reza Maxdavi 4,5 ochko bilan qo‘shimcha ko‘rsatkichlar hisobiga yetakchilik qilmoqda.
Bugun, 9 dekabr kuni 6-tur uchrashuvlari o‘tkaziladi. Terma jamoamiz a’zolaridan Muhiddin Madaminov qora donalarda turnir jadvalida yetakchilik qilayotgan Nihal Sarin bilan ro‘baro‘ kelsa, Shamsiddin Vohidov qora donalarda Eron vakili Daneshvar Bardiya qarshiligini yengishga intiladi. Abdumalik Abdusalimov ukrainalik Yuriy Kuzubovga qarshi dona suradi.
9 ta turdan iborat “Prezident kubogi” musobaqalari 12 dekabrga qadar davom etadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA