Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Shaxmat: “O‘zbek vunderkindi” kuchlilar orasida 4-o‘rinni egalladi
09:48 / 2022-10-31

Islandiyada murosasiz bahslarga boy bo‘lgan shaxmat bo‘yicha "World Fischer Random Chess Championship 2022" musobaqasi poyoniga yetdi.

Mukofot jamg‘armasi 400 ming AQSH dollarini tashkil etuvchi xalqaro musobaqada dunyoning 8 nafar eng kuchli shaxmatchilari qatorida yosh grossmeysterimiz, tezkor shaxmat bo‘yicha jahon chempioni, Butunjahon shaxmat olimpiadasi g‘olibi Nodirbek Abdusattorov g‘oliblik uchun kurash olib bordi.  

Xabar berganimizdek, “A” guruhida eng ko‘p ochko bilan 1/2 finalga yo‘l olgan Abdusattorov “V” guruhida 2-o‘rinni egallagan amerikalik Nakamuraga imkoniyatni boy berib, 3-o‘rin uchun kurashda jahon shaxmat toji sohibi, norvegiyalik Magnus Karlsen bilan ro‘baro‘ keldi.  

Birinchi partiyada Abdusattorov nomdor raqibini mag‘lubiyatga uchratdi. Ammo keyingi partiyalarda Nodirbekning belgilangan vaqtdan unumli foydalana olmaganligi natijasida omad Karlsenga kulib boqdi. Bu hamyurtimizning 4-o‘rin bilan kifoyalanishiga olib keldi.  

Shu o‘rinda aytish lozimki, Abdusattorovning dunyoning eng nomdor 8 nafar shaxmatchisidan biri sifatida fisher shaxmati yo‘nalishidagi jahon chempionatida qatnashishi O‘zbekiston shaxmat tarixida o‘ziga xos voqelik bo‘ldi. Bu, jahonning turli axborot vositalarida “O‘zbek vunderkindi”ning yana bir mo‘’jizasi, deya talqin qilindi.  

Turnir finalida Yan Nepomnyashiy hamda amerikalik Xikaru Nakamura bahslashdi. Asosiy partiyalarda hisob 2:2 ko‘rinishini oldi. Qo‘shimcha partiyada oq donalarda harakatlangan Nakamura g‘alaba bayrog‘ini ko‘tardi va jahon chempionligiga musharraf bo‘ldi.  

Musobaqa g‘olibi Nakamura 150 ming AQSH dollari, 2-o‘rin sohibi Yan Nepomnyashiy 85 ming, 3-o‘rin egasi Magnus Karlsen 55 ming, 4-o‘rindan joy olgan Nodirbek Abdusattorov 40 ming AQSH dollari bilan taqdirlandi.  

Shuningdek, 5-6 o‘rinlar uchun o‘tgan o‘yinda Vladimir Fedoseyev Uesli Soni 3:1 hisobida mag‘lub etgan bo‘lsa, 7-8 o‘rinlar masalasida Mattias Blubaum Gretarssonni xuddi shu ko‘rinishda (3:1) dog‘da qoldirdi.  

 

To‘lqin Ro‘ziyev,  

O‘zA