Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Shaxmat olimpiadasida erkaklar terma jamoamiz bronza medaliga ega chiqdi
01:19 / 2024-09-23

Vengriya poytaxti Budapesht shahrida o‘tgan 45-Butunjahon shaxmat Olimpiadasida 11-tur bellashuvlarining so‘ngi tur bahsida O‘zbekiston erkaklar jamoasi Fransiya terma jamoasini tor-mor etdi va 17 ochko bilan bronza medaliga musharraf bo‘ldi.

Shiddatli bellashuvda Nodirbek Abdusattorov, Nodirbek Yoqubboyev va Javohir Sindorov raqiblari bilan murosa yo‘lini tanlagan bo‘lsa, Shamsiddin Vohidov Maksim Lagardeni mag‘lub etdi.

Har ikki yilda bir marta o‘tadigan olimpiada yakuniga ko‘ra, O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi 3-o‘rinni, 17 ochkoga ega chiqqan AQSH terma jamoasi qo‘shimcha ko‘rsatkichlar bo‘yicha 2-o‘rinni egalladi.

O‘zbekistonlik qizlar terma jamoasi Turkiya ustidan g‘alaba qozondi. Nodira Nodirjonova hamda Nilufar Yoqubboyeva g‘alaba qozongan bo‘lsa, Umida Omonova durang qayd etdi. Afro‘za Hamdamova esa raqibiga imkoniyatni boy berdi.

Qizlar terma jamoasi yakuniy jadvalda 12-pog‘onani band etdi. O‘zbekiston terma jamoasi qo‘shimcha ko‘rsatkichlar evaziga Xitoy, Ukraina, Polsha, Bolgariya, Argentina jamoalarini ortda qoldirdi.

Shaxmat olimpiadasining taxtalar kesimida 1-taxtada Nodirbek Abdusattorov 2-o‘rinni, 4-taxtada Shamsiddin Vohidov 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Ayollar o‘rtasida 4-taxtada Nodira Nodirjonova 3-o‘rindan joy egalladi.

T.Ro‘ziyev, O‘zA