AQSHning Nyu-York shahrida shaxmatning rapid va blits yo‘nalishlari bo‘yicha Jahon chempionatining ilk kunida rapid bo‘yicha 5 ta tur o‘yinlari bo‘lib o‘tdi.
Dunyoning ko‘zga ko‘ringan 300 nafarga yaqin mahoratli shaxmatchilari ishtirok etayotgan nufuzli musobaqada O‘zbekiston terma jamoasining yetakchi grossmeysterlari Nodirbek Abdusattorov, Shamsiddin Vohidov, Javohir Sindarov, Jahongir Vohidov va Muhiddin Madaminov erkaklar o‘rtasidagi musobaqalarda dona surayotgan bo‘lsa, Afruza Hamdamova ayollar o‘rtasidagi kurashlarda Vatanimiz sharafini himoya qilmoqda.

G‘alaba va mag‘lubiyat orasi bir qadam
Jahon chempionatida 9-raqam ostida tasniflangan Nodirbek Abdusattorov 4 ta turda g‘alaba qozondi va faqat 3-turda qora donalarda amerikalik Aleksandr Lendermanga imkoniyatni boy berib qo‘ydi.
Abdusattorov ortda qolgan turlarda Ioan-Kristian Kirila (Ruminiya), Andrey Volokitin (Ukraina), Aleksandr Raxmanov (FIDE) va Xayk Martirosyan (Armaniston)larni mag‘lub etdi.
Hozirda Nodirbek Abdusattorov 5 imkoniyatdan 4 ochko jamg‘arib, qo‘shimcha ko‘rsatkichlarga ko‘ra, 180 nafar ishtirokchi orasida 9-o‘rinda bormoqda. Beshinchi o‘rindagi hindistonlik Raunak Sadhvanida ham 4 ochko mavjud.

Terma jamoamiz a’zosi Javohir Sindarov ham 5 imkoniyatdan 4 ochko to‘plashga muvaffaq bo‘ldi. Sindorov 3 g‘alaba va 2 durang bilan 14-pog‘onadan joy olgan. Javohir o‘tkazilgan turlarda Merab Gagunashvili (Gruziya), Luka Moroni (Italiya) va Tanitoluva Adevumi (AQSH)dan ustun kelgan bo‘lsa, Benjamin Bok (Niderlandiya) va Samuel Sevian (AQSH) bilan murosa yo‘lini tanladi.
Jahon chempionligiga da’vogarlar bilan bahs olib borgan mahoratli shaxmatchilarimizdan Shamsiddin Vohidov 3 ochko bilan qo‘shimcha 70, Jahongir Vohidov 2,5 ochko bilan 79, Muhiddin Madaminov 2 ochko bilan 139-pog‘onalarda harakatlanmoqda.
Beshinchi turdan so‘ng FIDE bayrog‘i ostida chempionatda ishtirok etayotgan rossiyalik Volodar Murzin, Shant Sargsyan (Armaniston), Lener Dominges (AQSH) va Daniel Naroditskiy (AQSH) 4,5 ochko bilan turnir jadvalini boshqarmoqda.

Afruza jahon chempionini dog‘da qoldirdi
Ayollar o‘rtasidagi bahslarda hamyurtimiz Afruza Hamdamova o‘tgan 4 ta tur o‘yinlaridan so‘ng 3 ochko jamg‘arib, qo‘shimcha ko‘rsatkichlar hisobiga 110 nafar da’vogar orasida 11-o‘rinda bormoqda.
Yoshlar o‘rtasida ikki karra jahon chempionligiga erishgan Afruza 5-turda qora donalarda ruminiyalik Irina Bulmaga kuch sinashadi.

O‘tgan turlardagi natijalarga e’tibor qaratsak, Hamdamova 1-turda qora donalarda hindistonlik Rameshbabu Vayshali bilan durang, 2-turda gruziyalik Lela Javaxishvilidan 3-turda qora donalarda xitoylik Miaoyi Ludan ustun kelshi, 4-turda uch karra jahon chempioni ukrainalik Anna Muzichuk bilan murosa yo‘lini tanlashi maqsad sari munosib odim tashlanayotganligidan dalolat, deyish mumkin.
Ayollar o‘rtasidagi bahslarda 4 imkoniyatdan 4 ochko jamg‘argan Alise Li (AQSH) turnir jadvalida yetakchilik qilayotgan bo‘lsa, xitoyliklar Venjun Ju va Jong Yi Tan, hindistonlik Harika Dronovalli, gruziyalik Nino Batsiashvili hamda ozarbayjonlik Gunay Mammadzada hisobida 3,5 ochkodan bor.

Javohir va Shamsiddin AQSH gigantlari bilan kuch sinashadi
Bugun, 27 dekabr kuni jahon chempionati rapid bahslarining 6-9-tur o‘yinlari bo‘lib o‘tadi.
6-turda Nodirbek Abdusattorov hindistonlik Raunak Sadhvanida bilan, Javohir Sindorov amerikalik dunyoning yetakchi shaxmatchilaridan biri Xikaru Nakamura bilan, Shamsiddin Vohidov qora donalarda Uesli So bilan, Jahongir Vohidov qora donalarda fransiyalik Loran Frenssins bilan, Muhiddin Madaminov asli ukrainalik, hozirda AQSH bayrog‘i ostida musobaqada qatnashayotgan Aleksandr Onishuk bilan ro‘baro‘ keladi.
Eslatib o‘tamiz, rapid va blits yo‘nalishlari bo‘yicha o‘tayotgan Jahon chempionati bahslari 31 dekabrga qadar davom etadi.

T.Ro‘ziyev, O‘zA