Armanistonning Jermuk shahrida davom etayotgan “Stepan Avagyan Memorial-2025” turnirida mahoratli shaxmatchimiz Nodirbek Yoqubboyev AQSH, Xitoy, Vengriya, Germaniya, Hindiston, Armaniston kabi davlatlarning 9 nafar yetakchi shaxmatchilari qatorida g‘oliblik uchun kurash olib bormoqda.
Bugun, 30 may kuni mukofot jamg‘armasi 19 ming 200 AQSH dollaridan iborat turnirning 2-turida Yoqubboyev qora donalarda tezkor shaxmat bo‘yicha Vengriya chempionati g‘olibi, o‘smirlar o‘rtasida Yevropa chempioni Benyamin Gledura bilan kuch sinashadi.

Kecha xalqaro musobaqaning 1-turida Nodirbek Yoqubboyev germaniyalik Dmitriy Kollarsga qarshi dona surdi.
Qiziqarli kechgan bahsda oq donalarda harakatlangan hamyurtimiz 34-yurishdan keyin raqibining taklifiga binoan murosa yo‘liga rozi bo‘ldi.

2-tur o‘yinlari ostonasida xitoylik Syanyuy Syuy 1 ochko bilan peshqadamlik qilayotgan vaziyatda Nodirbek Yoqubboyev 8 nafar shaxmatchi singari 0,5 ochko bilan qo‘shimcha ko‘rsatkichlar hisobiga 8-o‘rinda bormoqda.
Turnir 6 iyunga qadar davom etadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA