Angliya poytaxti Londonda boshlangan "XTX Markets London Chess Classic" turnirining 1-tur o‘yinlari ortda qoldi.
Londondagi “Emirates Stadium”da o‘tayotgan "XTX Markets London Chess Classic" turnirida 10 nafar kuchli grossmeysterlar qatorida hamyurtimiz Nodirbek Abdusattorov dona surmoqda.

9 ta turdan iborat musobaqaning kecha yakunlangan 1-turida beshta juftlik o‘rtasida dastlabki o‘yinlar tashkil etildi. O‘zbekistonning birinchi raqamli shaxmatchisi N.Abdusattorov ushbu turda qora donalarda angliyalik Gaveyn Maroroa Jons bilan durangga erishdi.
Bugun, 27 noyabr kuni musobaqaning 2-turida Nodirbek oq donalarda AQSH vakili Abximanyu Mishra bilan kuch sinashadi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 5 dekabriga qadar davom etadigan turnirda Nodirbek Abdusattorov bilan bir qatorda Fransiya sharafini himoya qilayotgan Alireza Firuzja, ukrainalik Pavel Elyanov, AQSH vakillari Sam Shankland va Abximanyu Mishra, Angliya bayrog‘i ostida turnirda qatnashayotgan Nikita Vitiugov, Maykl Adams, Gaveyn Maroroa Jons, Luke MakShane, gretsiyalik Nikolas Teodorou g‘oliblikka da’vogarlik qilmoqda.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA